. Мавлид маросимларида қиём ҳукми
Мавлид маросимларида қиём ҳукми

Мавлид маросимларида қиём ҳукми

Oylar ichida Robi`ul avval oyi o`ziga xos sharaf va qadr-qimmatga ega. Chunki, unda butun olamlarga rahmat tariqasida yuborilgan so`nggi payg`ambar bo`lmish janobimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam dunyoga kelganlar. Shu tufayli mavlid oylarida Payg`ambarimiz alayhis-salom haqida bitilgan qasida va madhiyalarni jamoaviy tarzda o`qish va ziyofatlar berish odatga aylangan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taraflaridan «xoyrul-qurun» deb maqtalgan uch asrda mavlid marosimlari, agarchi ayni biz nishonlab turgandek shaklda amalga oshirilmagan bo`lsa-da, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mavlidlarini bayramona kayfiyatda nishonlash, unda jamlanib Payg`ambarimiz haqida bitilgan qasida va madhiyalarni o`qish, siyratlarini o`rganish, xatmi Qur`on qilish va salovotlar aytish, turli tansiq taomlar bilan do`stlarni siylashlik, sovg`alar va hadyalar ulashib, mo«minlar qalbiga shodlik ulashish Islom olamida juda uzoq davrlardan beri mavjud bo`lib kelayotgan an`anaviy odatdir. Muarrix Ibn Xallikon «Vafiyyat-ul-a`yon» asarida zikr qilishicha, mavlid marosimini biz ko`rib, eshitib odatlangan holidek nishonlashni rasman davlat miqyosida tashkillashtirgan dastlabki hukmdor Arbil (Iroq) voliysi — malik Muzaffaruddin Ko`kbo`r bo`lgan. (1190-1233). Alloma ibn Kasir “al-Bidaya van-Nihaya” asarida Malik Muzaffarning bu ishlarini tahsinga sazovor ekanini aytib o`tgan.

Shuningdek, Abdulhay al-Laknaviy hazratlari tomonidan, asri saodatda yashab ijod qilgan shoir Hison roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o`zlari o`zlarining madhlari bitilgan baytlarini o`qitganlari mavlidga dalil deyilganini qayd qilish o`rinli. Chunki, uning qasidalarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavsiflari, mo«jizalari, nasl-nasablari, tug`ilishlari borasida so`z yuritilgan ekan. Mavlidning mustahab va mandub amal ekaniga Hazrati Bilol roziyallohu anhuning ko`chalarda va bozorlarda odamlarni to`plab, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni zikr qilib aytib berib, yurganlarini ham dalil sifatida keltirish mumkin (Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. 3-jild. – Laknav: Yusufiy, 1325. 128-130 betlar).

Abdulhay al-Laknaviy rahimahullohning aytishicha, sahobalar va undan keyingi davrlarda ham mavlidga o`xshagan marosimlar bo`lgan, biroq, ular mavlid nomi bilan atalmagan. Masalan, avvalgi zamonlarda hozirgi diniy ilmlarning hammasi bo`lgan, lekin ularning nomi hozirgidek bo`lmagan, avvalgi zamonlarda madrasalar ham bo`lmagan, keyinchalik madrasalar barpo qilindi, odamlar madrasa o`qimasa, olim deb sanalmaydigan bo`ldi va hokazo (Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. 1-jild. – Laknav: Yusufiy, 1325. 39-46 betlar).

Mavlid o`tkazish haqidagi ikki fikr

Tarixga nazar qilar ekanmiz, Islom ummatining mavlidun-nabiyni nishonlash joiz-joiz emasligi xususida ikkiga bo`linganini ko`ramiz. Bu ixtilofning asl negizi esa «bid`at masalasi»ga borib qadaladi. Bid`atlarning yaxshisi bo`lmaydi, barcha bid`at zalolatdir, deb aytuvchilar, mavlid marosimini ham, uning maqtalgan uch asrda mavjud bo`lmaganini pesha qilib, mavlid bid`ati zalolatdir, deydi. Ammo, bid`atlarni yaxshi va yomonga ajratuvchilar esa mavlid yaxshi bid`atdir, uni nishonlashda savob va uxroviy manfa`at bor, deb hukm qiladilar.

Ikki tomon vakillari ham o`z da`volari asosida ko`plab kitoblar bitgan. Shuningdek, bir-birlariga raddiya sifatida yozgan risolalari ham oz emas. Birgina misol tariqasida Tojuddin Fokihoniyning (vafoti 734-h.) mavlid marosimi inkorida “al-Mavrid fi amalil-mavlid” risolasi va unga raddiya sifatida bitilgan hofiz Jaloluddin Suyutiyning “Husnul maqsid fi amalil mavlid” risolasini olish mumkin.

Shuningdek yana, mavlidni nishonlashda haddan oshgan va shariatdan o`zlari bilmagan holda chetga chiqib qolgan «mavlidxon» toifalar ham onda-sonda uchrab turgan. Bu holatni ko`proq mutaassib soxta so`fiylarda kuzatish mumkin. Ular tarafidan mavlid marosimlariga turli munkarotlar ham kirgizilgan. Masalan, erkak va ayollarning bir-biriga aralashib zikr raqslariga tushishlari, qasida-yu baytlarni bo`lmag`ur musiqalar bilan ijro qilishlarini olish mumkin. Shuningdek yana, kishini hayratda qoldiradigan to`qimalar ham ixtiro qilingan.

O`z navbatida mavlidni inkor etuvchilar ham raqib tomonni ayab o`tirmagani, ayblovlarida haddan oshganliklari, hatto mavlidxonlarni ommatan, yoppasiga «mushrik» deyishgacha borganlariga guvoh bo`lish mumkin. Masalan, bemazhablarning zamonamizdagi ustozlari bo`lmish – Nosir Alboniyning “Bid`atul-mavlid” risolasida, Solih bin Favzon al-Favzonga mansub “Hukmul-ixtifol bi-zikril mavlidin-nabaviy” risolasida, shuningdek, Abdulloh ibn Bozning “Hukmul-ihtifol bil-mavlidin-nabaviy” risolasida mavlid marosimlaridan ashaddiy qaytarilgan va uning bari muharramot va shirkiy amallardan iborat ekani iddao qilingan. Albatta, bu mualliflargacha bo`lgan butun Islom olamining eng buyuk va eng taniqli ulamolari va asrlar davomida yashab, ixlos qo`yib kelayotgan musulmonlar jamoasi hech qanday inkorsiz mavlid marosimlarini o`tkazib kelayotganlarini e`tibordan qochirmasligimiz darkor. Binobarin, nima bo`lganda ham, shariatda inkor qilinmagan ishlar aralashtirilmagan holda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mavlidi shariflari qiyomatgacha o`tkazilishiga shak-shubha yo`q.

Maqolamizning asl maqsadi

Ayni damda bizning maqsadimiz mavlid to`g`risidagi ikki tomon fikrlari haqida bahs qilishlik, ularning dalillarini tadqiq qilib, o`rtada hakamlik qilish emas. Biz mavlid marosimini muqaddam ulamolar tartibga solib berganidek, munkar va mubolag`alardan chetda turgan holda shari`atda asli bor amallar bilan nishonlab boraveramiz. Balki, bizning niyatimiz maqola sarlavhasida ishora qilganimizdek, mavlid marosimida odatga aylangan “qiyom”, ya`ni, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblarining dunyoga kelish qissasi so`zlanganda, izdihom qatnashchilarining yoppasiga o`rnidan tik turishlari haqida so`z yuritishlikdir. Chunki, ayni mavzuni yoritishlik, qiyom haqidagi haqiqatni jamoatchilik oldiga olib chiqish hozirgi kunda muhimroqqa o`xshaydi. Negaki, ahli ilmlarimiz orasida ayrimlari mahalli qiyomdan qattiq qaytarmoqda, yana boshqalari mahalli qiyomda sobit turgan hollari kuzatilyapti. Hatto ikki tomon bir-birlarini “ahli bid`at” deyishgacha borgan hollari ham yo`q emas. Xo`sh, aslida qiyomning hukmi nima? Umuman, biron shaxsga tik turib mulozamat ko`rsatishlik joizmi? Mavlid marosimida qoim turishning asli bormi? Agar bor bo`lsa hukmi nima? Farzmi, vojibmi yo boshqa? Aynan biz mahalli qiyomda nima uchun tik turamiz? Bu savollarga imkon qadar javob topishga jazm qildik.

Sharafli shaxslarni ko`rganda, ehtirom yuzasidan tik turib kutib olish

Go`zal hulqlilar tabiatida bir insoniy fazilat bor. Bu – o`ziga nisbatan sharafli, yuqori martabali kishilarni ko`rganda ehtirom yuzasidan o`rnidan turish odati. Bundayin xushfe`llikni musulmonlarda ham, g`ayri musulmonlarda ham kuzatish mumkin. Yana, ayrim husni xulqli kishilarda kamoli kamtarligi va tavozeligi sababli unga o`rinlaridan turib peshvoz chiqqanlarga: “Turmanglar, o`tiraveringlar!”, deyish odati ham bor. Bu ham kishining xulqi va fe`liga xos ish. Bu xildagi fazilatlarning eng mukammal namunasini, Payg`ambarimiz alayhissalomda va ul Janobga ergashishda ummati muhammadiyaning peshqadamlari bo`lgan sahobalar orasida ko`rish mumkin.

Masalan, «Mishkot ul-masobih»da keltirilgan quyidagi hadisi shariflar xuddi bizning mavzumizdadir.

4700 — عن ابى امامة رضى الله عنه، قال: خرج رسول الله صلى الله عليه و سلم متكئا على عصا، فقمنا له فقال: «لا تقوموا كما يقوم الأعاجم يعظم بعضها بعضا» رواه ابو داود

4700 — Abu Umoma (r.a)dan rivoyat qilindi, u kishi aytdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning huzurimizga, (bemorligi sabab) asoga tayangan holda chiqib keldilar, bas, biz ul zot(ning ehtiromi) uchun o`rnimizdan turdik. Shunda bizga Rasululloh shunday dedi: «Ajamlar bir-birovlarini ulug`lab, tik turgani kabi (men uchun o`rinlaringizdan) turmanglar!”. (Matn tarjimasida qavs ichiga olib yozilgan qo`shimcha izohlar mavlono mulla Ali al-Qorining sharhidan olingan).

Hadisi sharifdan ko`rinib turibdiki, sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan kamoli ehtirom va tom muhabbatli bo`lgan, ularning qalbidagi bu his tuyg`ulari hatto tashqi hatti-harakatlarida ham namoyon bo`lar edi. Binobarin, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko`rishlari bilan odob va ta`zim yuzasidan o`rinlaridan turib kutib oldilar. Biroq, anbiyolar sultoni Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularni bu fe`ldan qaytardilar. Rasulullohning qaytarishlari nima sababdan edi, degan savolga esa ul zotning كما يقوم الأعاجم يعظم بعضها بعضا “Xuddi ajamlarning ba`zilari ba`zilarini ulug`lab tik turganidek” degan so`zlarida javob bor. Ya`ni, Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sahobalarini juda yaxshi bilar edilar. Ularning ul zotga bo`lgan muhabbatu-sadoqatlari va jon-fidoliklarini ham qadrlar edilar. Lekin shunday bo`lsa-da, Rasuli akram janobimiz o`z ummatlarini, ulug`larga ehtirom ko`rsatishda ajamlarga o`xshab qolishlarini xohlamadilar va “Agar ehtirom uchun qilingan ish ajamlarning soxta takalluflariga o`xshab qolsa, undayin fe`lni men xushlamayman, uning tarki afzaldir”, degan ma`noda “Xuddi ajamlarning ayrimlari ayrimlariga ta`zim yuzasidan turganidek menga tura ko`rmanglar”, deb nasihat qildilar.

Mavlono Mulla Ali al-Qori hazratlari “Sharhush-shifo” asarida yuqoridagi hadisning izohida quyidagilarni yozadilar:

“Ushbu hadisga biz Sa`d roziyallohu anhu eshakka minib kelgan vaqtlarida, Rasulullohning ansorlarga xitoban “Sayyidingiz uchun turinglar!”, degan xitobini qarama-qarshi qo`ya olmaymiz. Chunki, Sa`d roziyallohu anhu o`sha vaqtda sog`ligidan shikoyatda edi va markabidan tushib o`rnashib olish uchun bir-ikki kishi emas, balki bir jamo`aning yordamiga muhtoj edi. Shuningdek, “Sa`d hadisi” bilan halq orasida urf-odatga aylanib ketgan “tik turish”ni mustahabligiga dalil qilmoqchi bo`lgan kishi haqiqatdan judayam uzoqqa ketibdi.

Haqiqatga yaqinrog`i shuki, yuqorida keltirilgan hadisdagi nahiyni makruhi tanzihiyga yoki faqat arablar toifasiga xos deb olishimizdir. Toki, arablar ham odob ko`rsatishda ajamlarning takallufdan iborat odatlariga o`rganib qolmasinlar. Chunki, ajamlar o`z odatlarida, tik turishni odob o`rnida hech takallufsiz qilib kelganlar.

At-Talmasoniy (r.h.) aytadi: Tik turish to`rt qismdir:

1- Mamnu` turish. Ya`ni, man qilingani – gunoh bo`ladigani uning uchun turishlarini yaxshi ko`radigan kimsaga turishdir.

2- Makruh turish. Bunisi esa uning uchun turishni yoqtirmaydigan kimsaga turishdir.

3- Joiz turish. Tavozeli, kamtar olimlar uchun turishdir.

4- Go`zal turish. Safardan kelgan kimsa uchun peshvoz chiqib turishdir.

Janobi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarning tik turishni sunnat qilib olishlaridan qo`rqqan edilar. Zotan, ul zoti sharif ahli zalolatga o`xshatish qilishni aslo yoqtirmasdilar«. (Ali al-qori. Sharh ash-Shifo. 1-jild. – 288- B. Dorul-kutubil-ilmiya Bayrut. Lubnon.).

4698 — عن أنس إبن مالك رضى الله عنه، قال: لم يكن شخص احب إليهم من رسول الله صلى الله عليه و سلم، و كانوا إذا رأوه لم يقوموا، لما يعلم من كراهيته لذلك. رواه الترمذى و قال: هذا حديث حسن صحيح.

4698 — Anas Ibn Molik (r.a)dan rivoyat qilindi, u kishi aytdilar: “Biron-bir shaxs sahobalarga (Alloh ulardan rozi bo`lsin) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko`ra mahbubroq bo`lgan emas. (Shunday bo`lsa-da), ular Rasulullohni ko`rganlarida o`rinlaridan turmas edilar. Negaki, ular Rasulullohning qiyomni hush ko`rmasliklarini bilar edilar”. (Termiziy rivoyat qilgan va bu hasan, sahih hadis, degan. Imom Termiziy mazkur hadisni «Shamoili Muhammadiya»da 322-raqam bilan qayd qilgan).

Mulla Ali al-Qori “Mirqot”da bu hadisni sharhlab, quyidagicha so`zlarni aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Robbilari oldida kamoli kamtarligidan, shuningdek, zolim va mutakabbirlar odatiga qasddan muxolafat qilish uchun, u kishiga boshqalar tik turib ehtirom qilishini xushlamas edilar. Ul zoti sharif, yeb-ichishlik, o`tirib-turishlik, kiyinishlik va barcha ishlarda takallufdan voz kechgan holda arablar odatiga sodiq qolishni tanlaganlar. Shuning uchun ham ul zot: “Men va ummatlarimning taqvodorlari takallufdan bezormiz”, deb aytardilar.

Mulla Ali al-Qori hazratlari hadis sharhining so`nggida Abdulloh ibn Muhammad Tiybiyning “Mishkot”ga yozgan “al-Koshif `an haqoiq as-sunan” nomli sharhidan quyidagi jumlalarni naql qiladi: “Sahobalarning tik turib kutib olishlarini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xush ko`rmaganining sababi, sahobalar va ul zotning oralaridagi tom ma`nodagi yaqinlik va muhabbat bo`lgan bo`lsa, ajabmas. Bunga hadisdagi: “Biron-bir shaxs sahobalarga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko`ra mahbubroq bo`lmagan”, iborasi ham dalolat qilib turibdi. Zotan, do`stlarning o`zaro kamoli muhabbati o`rtadan takalluf va uyatchanlik hissini ko`tarib yuboradi. Qachonki, do`stlik rishtasi metindek mustahkam bo`lsa, oradan takalluf to`shaklari o`z-o`zidan yig`ishtirilib ketadi. Bu darajadagi do`stlar bir-birining oldida, o`zini xuddi o`z uyidagidek his qiladi. Chunki, u odoblar aslida qalbdagi botiniy odoblarning tashqaridagi bir ko`rinishidir. Qachonki, qalblar sof bo`lsa, uning nishonasini tashqariga takalluf bilan chiqarishga hojat qolmaydi. Shayx Abu Homid (G`azzoliy “Ihyo”ning ikkinchi bobi “Birodarlik va suhbat fasli”da shunday) deganlar: “Qachonki, do`stlar orasidagi yaqinlik tom bo`lib kamoliga yetsa, ularning orasidagi ba`zi haq-huquqlar yengillashadi. Masalan, qiyom, bir-birlaridan uzr so`rashlik, bir-birlarini maqtashga o`xshash. Bu ishlar agarchi suhbat odoblaridan bo`lsa-da, lekin, ularning zimnida bir navi begonalik va takalluf bor. Xullas kalom, tik turish va turmaslik zamonlar, shaxslar va holatlardan kelib chiqib har-xil bo`ladi”. (Mirqot ul-mafotih. 8-jild. Bayrut: Dorul-fikr, 1994. 475-476 betlar. Abdulloh ibn Muhammad Tiybiy (r.a) ga mansub iboralar esa «al-Koshif `an haqoiq as-sunan» kitobidan olindi. Qarang: 10-jild. Makka- Riyod: Maktabatu Nazor Mustafo Boz, 1997. 3067-bet).

Navbatdagi hadisi sharifda esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblari, martabali zotlarni ko`rganda o`rnidan turib mulozamat qiluvchilarning mulozamatlaridan huzurlanuvchi, qalbida kibri bor shaxslarga tegishli tanbeh berganlar:

4699 — عن معاوية رضى الله عنه، قال: قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: «من سره أن يتمثل له الرجال قياما فليتبوأ مقعده من النار» رواه الترمذى و ابو داود.

4699 — Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilindi, u kishi dedi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kimni atrofidagi kishilar tik turishlari xursand qiladigan bo`lsa, bas, u do`zahdagi joyini egallasin!”. (Termiziy, Abu Dovud va imom Ahmad rohimahumulloh rivoyat qilishgan).

Mulla Ali al-Qori hazratlari “Mirqot”da shunday yozadi: “Zohir shuki, o`rnidan tik turuvchilarning niyati, ta`ziym uchun turishlikni xilofi o`laroq, yordamlashmoq, ko`maklashmoq bo`lsa, buning zarari yo`q. Zero, bunga “Sa`d hadisi” ham dalolat qiladi. “Do`zahdagi joyini egallasin!”, degan so`zlar amr siyg`asida bo`lsa-da, aslida darak ma`nosidadir. Ya`ni, kimniki o`sha holat huzurlantirsa, unga do`zahdagi joyiga tushishlik vojib bo`libdi.

Aytilishicha, bu va`iyd, tik turishdan huzurlanishning qarinasi bilan, takabbur yo`lidan yurganlarga xosdir. Ammo, o`sha sharafli shaxs uning atrofida tik turishlarini talab qilmasa, uni ko`rganlar ham o`z ixtiyorlari bilan savob umidida, kamtarlik bilan o`rinlaridan tursa, buning zarari yo`qdir.

Imom Bayhaqiy “Shu`ab ul-iymon”da Xattobiydan ayni hadisning izohida quyidagi so`zlar aytganini rivoyat qiladi: “U hadisda kibr, kattalik va faxr qilib, atrofidagilarga tik turib mulozamat qilishlarini amr qilishlik va ularga shu vazifani yuklashlik nazarda tutilgandir. Xattobiy atadiki: “Sa`d hadisi”da kishining fazilatli rais huzurida, adolatli hokim huzurida tik turishligi, shuningdek, talaba o`z muallimining oldida tik turishligi mustahab ekaniga dalolat bordir. Makruh emasdir”. Bayhaqiyning o`zi Xattobiyning so`ziga qo`shimcha qilib aytadi: “Bu qiyom, ya`ni, mustahab bo`lgan qiyom ikrom va yaxshilik qilish tariqasida bo`ladi. Xuddi ansorlar Sa`d raziyallohu anhuga turganlaridek va Talha raziyallohu anhu Ka`b ibn Molikka turganidek. Endi, bir kishining atrofida boshqalar tik tursa, o`sha shaxs ulardan shu tik turib mulozamat qilishlarini xohlab istashi, agar unga boshqalar tik turmasa, ularni ayblashi va ularga gina qilishi yarashmaydigan ishdir.

«Sharhus-sunna»da keltirilishicha, Abdulloh ibn Omir va Abdulloh ibn Zubayr raziyallohu anhuma birga o`tirgan edilar. Bir vaqt ularning huzuriga Muoviya raziyallohu anhu chiqib keldi. U kishini ko`rgan Ibn Omir o`rnidan turdi, Ibn Zubayr esa o`tirgan holicha qoldi. Shunda, Muoviya raziyallohu anhu aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kimni atrofidagi kishilar tik turishlari xursand qiladigan bo`lsa, bas, u do`zahdagi joyini egallasin!”. (Mirqotul-mafotih. 8/jild. 476-477 betlar. Dorul-fikr Bayrut 1994.)

«Sa`d hadisi»

Ulug`larni ko`rganda ularga ta`ziman tik turishlikni sunnat, degan ahli ilmlarning deyarli barchasi “Sa`d hadisi”ni dalil qiladilar. Shuningdek, mavliddagi mahalli qiyomda turishni vojib darajasiga ko`targanlarning ham kitoblarida huddi shu “Sa`d hadisi” asosiy dalil sifatida keltirilgan.

Ushbu “Sa`d hadisi”ning matni “Mishkot al-masobeh”da quyidagicha keltiriladi:

4695- عن ابى سعيد الخدرى رضى الله عنه، قال: لما نزلت بنو قريظة على حكم سعد، بعث رسول الله صلى الله عليه و سلم إليه، و كان قريبا منه، فجاء على حمار، فلما دنا من المسجد، قال رسول الله صلى الله عليه و سلم للأنصار: «قوموا إلى سيدكم»

4695 — Abu Sa`iyd al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilindi, u kishi dedi: “Qachonki, Banu Qurayza Sa`dning hukmiga tushgandi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga (bir odamni) jo`natdi. U esa Rasulullohga yaqin joyda edi. Bas, Sa`d eshakka mingan holda yetib keldi. Qachonki, masjidga yaqin kelgandi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ansorlarga qarata: “Sayyidingizga turinglar!”, dedilar.

Xandaq jangida yahudiylardan bo`lmish Banu Qurayza qabilasi Rasulullohga xiyonat qiladi. Makka mushriklari maqsadlariga yeta olmay ortga qaytganidan so`ng Payg`ambarimiz alayhissalom Banu Qurayza yahudlari ustidan hukm chiqarishni ularning roziligi bilan, o`z ulug`laridan bo`lmish Sa`d ibn Mu`oz raziyallohu anhuga havola qiladi. Ayni damda Sa`d raziyallohu anhu Xandaq jangida bilagidan yaralangan, og`ir ahvolda edi. U Rasulullohning chaqirig`iga binoan eshakka mingan holda yetib keladi. U kishi Rasulullohga yaqin kelganida, janobi Payg`ambarimiz uning qavmiga qarata: “Sayyidingizga turinglar!”, deydilar.

Mavlono Ali al-Qori hazratlari “Mirqot”da — “Sayyidingizga turinglar!”, iborasi ikki hil izoh qilinganini aytadilar.

1) Aytilishicha, “Sayyidingizga turinglar!”, degani – unga ta`zim qilish uchun turinglar, deganidir. Bu bilan tik turishning makruh emasligiga ham dalil qilinadi. Bu yerdagi buyruq fe`li mubohlik va joizlikni ifoda qiladi.

2) Aytilishicha, u so`zning ma`nosi – sayyidlaringizga markabidan tushib olishiga yordam berish uchun turinglar, deganidir. Chunki, u kishi yarador bo`lgani sabab o`zi tushishga qiynalardi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ta`zim uchun turishlarini istaganida, قوموا إلى سيدكم emas, balki قوموا لسيدكم deb aytgan bo`lardilar. Rasululloh janoblari amr qilishda faqat ansorlarning o`zlarinigina tanlaganlari va hamda “O`z sayyidlaringizga boshqalarning sayyidi emas”, degan ma`noni ifoda qiluvchi izofa bilan “sayyidingizga” deb aytishlari ayni shu ma`noni qo`llab turibdi. Shuningdek, Payg`ambar janobimiz butun olamlar sayyidi bo`lishi bilan birga, sahobalar ul zoti sharifga o`rinlaridan turmas edilar. Chunki, ular Rasululloh buni karih ko`rishini yaxshi bilar edilar.

Turbushtiy aytadiki: hadisdagi qiyomdan murod, ajamlarning odatiga aylangan ta`zim uchun qilinadigan qiyom emas. Bu qandayam bo`lishi mumkin, vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblarining unaqangi qiyomdan qaytarganlari va umrlarining oxirigacha shu qarorlarida sodiq qolgani sahih rivoyatlarda tasdiqlangan bo`lsa?! Sa`d ibn Mu`ozning bilagiga nayza sanchilib qon tomiri uzilgan edi. U kishining harakat qilishi mumkin emasdi, chunki tomiridan qon oqib ketish xavfi bo`lgan. U kishini Banu Qurayza ustidan hukm chiqarishga olib kelinganida, Rasululloh uning qavmiga, unga yordam berish va eshakdan tushib olishiga ko`maklashish uchun o`rinlaridan turishni amr qildilar. Bas shunday ekan, Rasulullohning قوموا إلى سيدكم degan so`zlarining ma`nosi قوموا إلى إعانته deganidir. Agar u bilan ta`zim va ulug`lashni ko`zda tutganlarida قوموا لسيدكم degan bo`lardilar. Endi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblarining Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu kelganida unga o`rnidan turgani va Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilingan “Qachonki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzuriga kirsam, ul zoti sharif albatta o`rinlaridan turardi yoki bir harakatlanib qo`yardilar”, degan xabar za`if bo`lgani uchun ular bilan ta`zim uchun turishning joizligiga hujjat qilib bo`lmaydi. Adiy ibn Hotamdan mashhur bo`lgani » إلا وسع لى » ya`ni, albatta menga surilib, o`tirgan o`rnini kengaytirardilar, degan rivoyatdir. Mabodo, u ikki xabar sahih bo`lib sobit bo`lganida ham, u xabarlarni holat taqozosidan kelib chiqib, tik turishga ruxsat bermoq, ma`nosiga yo`yiladi. Zero, Ikrima ibn Abu Jahl Qurayshning raislaridan edi. Adiy ibn Hotam esa Banu Toyy qabilasining sayyidi edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni ko`rganidan o`rnidan turishlari bilan ularning qalbida islomga iliqlik uyg`otishni maqsad qilganlar. Yoki, u ikkisidan, raislikka bo`lgan rag`batlariga muvofiq, ularga tik turib peshvoz chiqishlariga intilish sifati oshkor bo`lgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shuni hisobga olib, aynan ularga o`rinlaridan turib muomalada bo`lganlar. (Turbushtiyning so`zi tugadi).

Zohir shuki, Ikrimaga roziyallohu anhuga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o`rinlaridan turib peshvoz chiqqanlarida Ikrima roziyallohu anhuga asirlikdan ozod etilib Madinadan ketishiga ruxsat etilgach, Makkaga borib u yerdan muhojir mo«min sifatida qaytib kelgan edi. Shunda unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «مرحبا بالراكب المهاجر», ya`ni, “muhojir otliqqa marhabo” deganlari ham rivoyatlarda aytilgan. (Ali al-Qori. Mirqotul-mafotih. 8-jild. – Bayrut: Dorul-fikr, 1994. 473-bet.).

Mavlid marosimlaridagi mahalli qiyomda tik turish masalasi

Tan olamizki, ulug`lar tirikligida qanday hurmat e`tiborga haqli bo`lsa, vafotlaridan keyin ham xuddi shunday ehtiromga munosibdirlar. Bu haqida Qozi Iyoz rahimahullohning “Shifo”dagi ushbu so`zlarini keltirib o`tish o`rinlidir. U kishi shunday deydi: “Shuni yaxshi bilingki, Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamni vafotidan keyin ham hurmat qilish, ul zotni tavqiri va ta`zimi xuddi hayotlik chog`idagi kabi lozimdir. Bundayin ehtirom, ul zotni yodga olinganda, shuningdek, hadislari va sunnatlarini eslangan vaqtda, muborak ismi va siyratlarini eshitganimizda, ahli baytlari bilan muomala qilish jarayonlarida ko`rinishi kerak. Abu Ibrohiym Tujiybiy aytadiki: “Qaysiki bir mo`min kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yodga olsa yoki uning huzurida ul zoti sharifni zikr qilinsa, u mo«min o`zini huddi Hazrati Mustafoning huzurida turganidek faraz qilib biroz egilib, ehtirom ko`rsatishi va qalbida xushu`ga borishi va albatta harakatidan to`xtab Rasululloh janoblariga nisbatan Alloh taolo ta`lim berganidek odob ko`rinishiga o`tishi vojib bo`ladi”. (Qozi Iyoz o`zlari aytadiki): Abu Ibrohiym Tujiybiy aytganidek, odob bu – ayni salafi solihlar va muqaddam ulamolarimizning siyrati edi». (Ali al-Qori. Sharh ash-Shifo. 2-jild. Bayrut: Dorul-kutubil-ilmiya, 70-bet).

Ko`rib turganimizdek, yuqoridagi manbada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ul zotning vafotidan keyin qanday ehtirom qilish o`rgatilmoqda. Biroq, ul zotning nomlarini eshitganda tik turish kerakligi haqida Qozi Iyoz ham Abu Ibrohiym Tujiybiy ham biron narsa demagan. Yana, Qozi Iyoz hazratlari yuqoridagi iboralardan keyin, salaflardan bir qanchalarini nomma-nom keltirib, ularning Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin ul zoti sharifga qay tarzda odob va ehtiromli bo`lganlarini hikoya qiladi. Ulardan birortasida “falonchi Rasulullohning nomlarini eshitganda o`rnida turib ta`zim qilardi” degan so`z yo`q. Shuningdek, “qiyom” mavzusiga doir hadislarning birortasida ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotidan keyingi holi u yoqda tursin, hatto, ul zotning hayotlik chog`larida ham, tik turib ehtirom qilish sahobalar odati bo`lgan ekaniga aslo dalil yo`q. Ammo, Islom ummati juda uzoqlardan buyon mavlid marosimlarida, qachonki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblarining tug`ilish qissalari bayon qilinar ekan, darhol o`rinlaridan turishni odat qilgan.

Abdulhay Laknaviy tomonidan mavlidda haqiqiy xursandchilik va shodmonlik bilan beriyo tursa ma`zur, deyilgan. Suhbat odobi shuki, shu yerda hozir bo`lganlar suhbatdoshlariga ergashmog`i maqbul. Biroq, ixtiyoriy holatda vajd va xursandlik yo`q vaqtida turish farz ham emas, vojib ham emas, sunnati muakkada ham emas, mustahab ham emas. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan va avvalgi uchta zamonda yashaga ulamolardan naql qilingan emas. Lekin, Haramayn sharifaynda asrlar davomida to XX asr o`rtalarigacha mavlid vaqtida qiyom qilinish odat bo`lgan. Barzanjiy ham Madinada yashagan bo`lib, o`zining mashhuri jahon mavlid kitobida uni istehson deb baholagan. (Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. 3-jild. – Laknav: Yusufiy, 1325. 130 bet).

Mavlidun-nabiy marosimlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ruhlari hozir bo`ladimi?

Mavlidun-nabiy marosimlarida ishtirok qiluvchilarning ayrimlari mavliddagi “mahalli qiyom”, ya`ni, tik turish holatini bu majlisga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ruhlari hoziru nozir bo`ladi, degan e`tiqodda bo`lishlari mumkin. Bu shar`iy manbalarga ko`ra buzuq e`tiqodlar sirasiga kiradi.

Masalan, bunday e`tiqodga, “Tazkiyrun-nos bikalami Ahmad Attos” nomli risolaning 182- betida quyidagi iboralarni misol qilsa bo`ladi:

فقيل لسيدي أحمد بن حسن العطاس، هل قيل في المولد المنسوب إلى المحدث الديبعي أن النبي صلى الله عليه وسلم يحضر قراءته من أوله إلى آخره؟ قال: نعم، والحبيب صالح بن عبدالله العطاس يقول: يحضر النبي صلى الله عليه وسلم في كل مولد عند المقام فيه إلا مولد الديبعي فإنه يحضره كله

Ya`ni, «Sayyid Ahmad bin Hasan Attosdan so`raldi: muhaddis Dayba`iyga mansub mavlid qissasi o`qilganda Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam qissaning avvalidan to oxiriga qadar u yerda xozir-u nozir bo`lib turarkan. Shu gap rostmi? U javob berdiki: ha. Habib Solih bin Abdulloh al-Attos aytar edilarki: Har bir mavlid qissalaridagi maqom (tik turish) vaqtida Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam xozir bo`lib turadi. Ammo, Dayba`iyning mavlidi o`qilganda esa boshdan to oxiriga qadar Rasululloh u yerda xozir bo`lib turadi».

Diqqat qilinsa, bu risolada aytilgan iddao na shariatga va na mantiqqa mos keladi. Bu yerda bir shaxsning muridlari o`z pirlarini ilohiylashtirib, hatto Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan ham yolg`on to`qishdan tap tortmaganlar.

Hanafiy olimlarining muhaqqiqlari bunday e`tiqodni kufr deganlar.

1) «Fatovoyi Bazzoziyya»da quyidagicha fatvo berilgan:

و عن هذا قال علماءنا من قال ارواح المشايخ حاضرة تعلم يكفر

«Shunga ko`ra, ulamolarimiz: “Kimki: “Mashoyixlar ruhlari hozir bo`lib, bilib turadi”, desa, kofir bo`ladi, deganlar”. (Hofiziddin Muhammad ibn Muhammad ibn al-Bazzoz al-Kardariy. Fatovoyi al-bazzoziyya. (al-Jome` al-vajiz). 2-jild. – Qozon, 1889. – B. 383).

تزوج بلا شهود و قال خداى را و رسول خداى را و فرشتكان را كواه كردم يكفر لانه اعتقد ان الرسول و الملك يعلمان الغيب، بخلاف قوله فرشتكان دست راست و دست چبرا كواه كردم لانهما يعلمان

“Guvohsiz uylanishga kelsak, birov: “Xudo va Xudoning rasulini guvoh qildim. Farishtalarni ham guvoh qildim”, desa kofir bo`ladi. Chunki, payg`ambar va farishtani g`aybni biladi, deb e`tiqod qilgan bo`ladi. Bu “O`ng qo`l farishtalari bilan chap qo`l farishtalarini guvoh qildim”, degan gapida unday emas. Chunki, ikki farishta ularni bilib turadi”. (Hofiziddin Muhammad ibn Muhammad ibn al-Bazzoz al-Kardariy. Fatovoyi al-bazzoziyya. (al-Jome` al-vajiz). 2-jild. – Qozon, 1889. – B. 382).

2) «Xulosat ul-fatovo»da quyidagicha fatvo berilgan:

رجل تزوج و لم يحضر شاهدا فقال خدائرا و رسول خدائرا گواه كردم و فرشتگانرا گواه كردم يكفر فى الفتاوى لانه يعتقد ان الرسول و الملك عالم بالغيب بخلاف قوله فرشتهء دست راست را و فرشتهء دست چپ را گواه كردم حيث لا يكفر لانهما يعلمان فى النصاب

“Bir kimsa uylansa-yu, guvoh hozir bo`lmasa, u: “Xudo va Xudoning rasulini guvoh qildim. Farishtalarni ham guvoh qildim”, desa fatvo to`plamlarida aytilishicha, kofir bo`ladi. Chunki, payg`ambar va farishtani g`aybni biladi, deb e`tiqod qilgan bo`ladi. Bu “O`ng yelka farishtalari bilan chap yelka farishtalarini guvoh qildim”, degan gapida unday emas, bu holatda kofir bo`lmaydi. Chunki, ikki farishta ularni bilib turadi. “Nisob”da shunday keltirilgan”. (Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid al-Buxoriy. Xulosat al-fatovo. 4-jild. – Laknav: Munshiy navol kishvar, 1911. – B. 385).

3) Yuqoridagi iqtiboslarga asoslanib, Abdulhay Laknaviy “Balki e`tiqod shundayki, biror kimsa Allohdan o`zgasini har vaqt va har onda hoziru nozir, oshkorayu maxfiyni biluvchi deb e`tiqod qilsa, ushbu e`tiqod shirkdir”, degan. (Abdulhay Laknaviy. Majmuat al-fatovo. «Xulosat al-fatovo» hoshiyasida. 4-jild. – Laknav: Munshiy navol kishvar, 1911. – B. 330-331).

4) Abdulhay Laknaviy o`zining boshqa bir asarida yuqoridagi e`tiqod bo`ladigan bo`lsa, mavlid asnosida tik turishdan qaytargan:

و منها ما يذكرونه من ان النبى صلى الله عليه و سلم يحضر بنفسه فى مجالس وعظ مولده عند ذكر مولده و بنوا عليه القيام عند ذكر المولد تعظيما و اكرامًا و هذا ايضًا باطل من الاباطيل لم يثبت ذلك بدليل و مجرد الاحتمال و الامكان خارج عن حد البيان

“Qissago`y va mav`izago`ylarning yana bir ishlaridan biri, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning mavlidlarining va`z majlislarida ul zotning tug`ilishlari eslanayotgan paytda o`zlari hozir bo`ladilar, deb zikr qilishlaridir. Shu sababli ular mavlid zikri vaqtida ta`zim va ikrom yuzasidan qiyom – tikka turishni barpo qilib olganlar. Bu ham dalil bilan isbotlanmagan botillardan bir botil ishdir. Har xil ehtimollar va imkoniyatlarni dalil qilishlar esa bayon chegarasidan xorijdir”. (Abdulhay al-Laknaviy. al-Asor al-marfu`a fi-l-axbor al-mavzu`a // Majmuat rasoil al-Laknaviy. 5-jild. Karotchi (Pokiston): Idorat al-Qur`on va-l-ulum al-islomiya, 1419. – B. 34).

Mavlid marosimlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug`ilishlari zikri asnosida tik turish haqida ulamolar nima deydilar?

Mavlid haqida bitilgan kitoblarning ba`zilarida, mahalli qiyomda tik turishni sunnat va hatto vojib darajasigacha ko`targan ahli ilmlar ham yo`q emas. Hatto, ba`zi olimlar, mavlidda tik turmaslikni: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan hurmatsizlik», deyishgacha borganlar. O`shalarning deyarli hammasi, yuqorida aytib o`tganimizdek, asosan, «Sa`d hadisi»ga tayangan holda so`z aytadilar. U hadis haqida esa mashhur hanafiy olimi shayx Mulla Ali al-Qori hazratlarining sharhlari bizga kifoya qiladi. Shu tufayli mavliddagi tik turishni inkor qiluvchilarga raddiya qilishda haddan oshganlarning kitoblaridan namuna keltirishni lozim topmadik. Biroq, bu yerda mavlidda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug`ilishlari bayon qilinayotgan vaqtda tik turish mumkinligi, uning joiz amal ekanligi, mustahab va o`tgan ulug` zotlarning an`analari ekanini zikr qilingan manbalarga murojaat qilamiz:

1) Hanafiy mufassirlardan Ismoil Haqqiy rahimahulloh “Ruh ul-bayon” kitobida “Fath surasi”ning oxirgi oyatlari tafsirida bunday deydi:

ومن تعظيمه عمل المولد اذا لم يكن فيه منكر. قال الامام السيوطى قدس سره يستحب لنا اظهار الشكر لمولده عليه السلام انتهى. وقد اجتمع عند الامام تقى الدين السبكى رحمه الله جمع كثير من علماء عصره فأنشد منشد قول الصرصرى رحمه الله فى مدحه عليه السلام:قليل لمدح المصطفى الخط بالذهب … على ورق من خط احسن من كتبوان تنهض الاشراف عند سماعه … قياما صفوفا او جثيا على الركبفعند ذلك قام الامام السبكى وجميع من بالمجلس فحصل انس عظيم بذلك المجلس ويكفى ذلك فى الاقتدآء

“Qachonki, mavlid marosimlarida munkar ishlar bo`lmasa, uni nishonlamoq, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ta`zimlaridandir. Imom Suyutiy quddisa sirruhu aytadiki: “Payg`ambar alayhis-salomning mavlidi tufayli hursandchilik qilish bizga mustahabdir”. Imom Taqiyuddin as-Subkiyning (1284-1355m.) huzurida unga asrdosh ulamolardan iborat katta jamo`at yig`ildi. Shunda birov Abu Zakariyo Yahyo Sorsoriy Hanbaliyning (vafoti 656 h.) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning madhida bitgan she`rini o`qidi.

Mohir xattotlar, biron qog`ozga Rosulullohning madhi uchun tillo bilan yozsalar ham, kamlik qilar. Va kamlik qilar, har qanday sharaflilar ul zotni eshitganda saf-saf turib yo tizzalab bo`yin egmoqlari.

Xuddi shu misra o`qilgan damda Imom Subkiy va yig`in qatnashchilarining hammasi o`rnidan turdilar. O`sha majlisda juda katta xursandchilik, shodlik hosil bo`ldi. O`shaning o`zi ergashmoqlikka kifoya qiladi. (Ismoil Haqqiy. Ruhul-bayon. Fath surasi).

2) Shayh Muhammad ibn Ahmad Aliysh Molikiy rahimahulloh imom Barzanjiyning mavlid qasidasidagi ushbu:

«هذا و قد استحسن القيام عند ذكر مولده الشريف ائمة ذوو رواية و روية»

“Shuni ushlangki, Rasulullohning mavlidi shariflari zikr qilingan chog`da tik turishni sog`lom fikr va ilmli imomlar, yaxshi amal, deb baholaganlar», degan so`zlarining izohida Imom Madobig`iyning mavlid kitobidan, qiyom haqidagi ushbu tanbehni naql qiladi:

*تنبيه* جرت العادة بقيام الناس إذا انتهى المداح الى ذكر مولده صلى الله عليه و سلم. و هى بدعة مستحبة لما فيها من إظهار الفرح و السرور العظيم …

“Tanbeh! Maddohlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug`ilish hodisalari zikriga yetganida odamlar o`rnidan turish odati joriy bo`lib ketdi. U amal mustahab bid`atdir. Chunki, unda hursandchilik va sururi aziymning izhori bor”. (Muhammad Aliysh Molikiy. Al-Qovl al-munjiy ala mavlidi-l-Barzanjiy. Misr: Dorul-kutubil-arabiya al-kubro, 1327. 50-bet).

3) Muhammad Alaviy Molikiy “Havl al-ihtifol bi-zikril-mavlid an-nabaviy ash-sharif”, deb nomlagan risolasida qiyom haqida alohida fasl qiladi. Uning avvalida, ba`zi mavlidxonlarning johilona kufriy etiqodini tanqid qiladi. Ya`ni, qasidago`ylar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblarining dunyoga kelish qissasiga yetganda ul zoti sharifning ruhi, hatto ba`zi johillar esa jasadi bilan ayni majlisda hozir bo`lib turadi, degan aqidaning botil ekanini bayon qiladi va bu vaqtdagi qiyomning o`zi haqida bunday deydi:

إذا علمت هذا، فاعلم أن القيام فى المولد النبوى ليس هو بواجب، و لا سنة، و لا يصح إعتقاد ذلك أبدا. و إنما هى حركة يعبر بها الناس عن فرحهم و سرورهم. فإذا ذكر أنه صلى الله عليه و سلم ولد و خرج إلى الدنيا يتصور السامع فى تلك اللحظة ان الكون كله يرقص فرحا و سرورا بهذه النعمة فيقوم مظهرا لذلك الفرح و السرور، معبرا، فهى مسئلة عادية محضة لا دينية. إنها ليست عبادة، و لا شريعة، و لا سنة. و ما هى إلا أن جرت عادة الناس بها.

“Yuqoridagi ma`lumotlarni bilib olgan bo`lsangiz, endi, buni ham bilib qo`yingki, Mavlidun-nabaviyda tik turishlik vojib ham, sunnat ham emas! Va uni doimiy qilish kerak, deb e`tiqod qilish ham yaramaydi! Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug`ilishi va dunyoga kelishi zikr qilingan lahzada tinglovchilar shunday tasavvur qiladiki, go`yo butun borliq shodlik va hursandlikdan raqs tushmoqda, shunda u ham, o`sha shodligini izhor qilib o`rnidan turadi. U bu harakati bilan o`zining shodligini namoyon qiladi. Bas, bu qiyom odatiy mas`ala xolos, diniy mas`ala emas. U ibodat ham, shariat ham, sunnat ham emas. U faqat odamlar orasida urf bo`lib qolgan odat xolos”. (Muhammad Alaviy Molikiy. «Havl al-ihtifol bi-zikril-mavlid an-nabaviy ash-sharif». Al-maktaba at-taxsisiya lirraddi ala al-vahhabiya. 27-bet).

4) Muhammad ibn Ja`far Kattoniy “Al-yumnu val-is`od bi-mavlidi xoyril-ibod” nomli risolasida qiyom xususida bunday yozadi:

و قد جرت العادة ايضا بالقيام عند قراءة مولده عليه الصلوة و السلام لدى ذكر الوضع الشريف و ما يتبعه من حسن التوصيف. و هذا القيام، لم يفعله السلف و إنما عمل به من بعدهم من الخلف. و ليس هو فى الحقيقة للذات المحمدية كما توهمه قوم من البرية فاعترضوا و أطنبوا و إلى إنكار فعله ذهبوا. و إنما هو قيام فرح و سرور ….

“Shuningdek, Payg`ambar alayhissalomning mavlidi o`qilganda, ul zoti sharifning dunyoga kelish haqidagi hodisalar zikr qilingan chog` o`rindan turish odati joriy bo`lib ketdi. Bu tik turishni salaflar qilgan emas. Balki uni keyingi xalaf olimlari joriy qilgan. Bu qiyom asli haqiqatda, zoti Muhammadiy uchun qilinmaydi. Chunonchi, ba`zilar uni shunday o`ylab, e`tirozlar qilishdi, uni inkor qilishda uzundan uzun gaplar qilishdi. Balki, bu qiyom shodlik va xursandchilik uchun qilinadigan qiyomdir…”. (Muhammad ibn Ja`far Kattoniy. “Al-yumnu val-is`od bi-mavlidi xoyril-ibod”. Al-matba al-ahliya 1345. 20-bet).

Yuqoridagi keltirilgan manbalardan shu narsa ma`lum bo`lmoqdaki, mavlidda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tug`ilishlari zikri asnosida tik turishga faqat xursandchilik va kamoli shodlik ifodasi sifatida qaralishi kerak ekan.

Xulosa

Qiyomning umumiy hukmiga doir hadislar va mahalli qiyom haqidagi ba`zi olimlarning fikrlari bilan tanishib, ularga xolisona yondashsak, “Biz mavlidda nima uchun turamiz?”, degan savolning javobi topiladi, deb o`ylaymiz. Xullas kalom, hadislar shuni ma`lum qiladiki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam janoblari ul zotga tik turib, ta`zim qilishlarini xohlamaganlar va karih ko`rganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchun bor-budidan voz kechishga hamisha tayyor bo`lgan sahobalar ham, ul zoti sharifga har qancha muhabbatli bo`lishlariga qaramay, o`rinlaridan turib ta`zim qilmaganlar. Rasulullohning hayotlik chog`ida joriy bo`lgan hukmlar ul zoti sharifning dorul-baqoga ko`chganlaridan keyin o`zgarib qolmasligi barchaga oydek ravshan. Binobarin, ul zotning hayotlik chog`ida tik turib ta`zim qilmagan sahobalar vafotlaridan keyin ham muborak nomlarini eshitganda, tik turib ta`zim qilmadilar. Bu ishni tobeinlar va tab`a tobeinlar orasida ham sodir bo`lganiga birorta dalil yo`q.

Ammo, biron nimadan shod bo`lganda izhori surur uchun o`rindan tik turib ketishlik odati asri saodatda ham mavjud bo`lgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu Makkadan mo«min bo`lib, muhojir sifatida qaytib kelganida unga: “Otliq muhojirga marhabo!”, degan holda tik turishlarini, Oisha roziyallohu anho onamizning onalari, u zoti sharifaning pok ekani haqidagi oyat nozil bo`lgach, uning huzuriga Rasululloh sollallohu alayhi va salam tashrif qilganlarida, qizlariga qarata “Rasulullohga o`rningdan tur!” degan so`zlarini misol qilish mumkin. Chunki, Ikrima roziyallohu anhu Makkadan qaytib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam juda shod bo`lgandilar. Shuningdek, Alloh taolo Oisha roziyallohu anho onamizning pok ekanini oshkor qilgach, uning huzuriga bir qancha muddat mahzun bo`lib yurgan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o`zlari, suyunchilab kelganlarida ul zoti sharifaning onalari juda ham shod bo`lib ketgandilar. Shu tufayli qizlariga suyunchilab, “Rasulullohga o`rningdan tur!”, deganlar.

Mulla Ali al-Qori hazratlari ham “Sharh ash-shifo”da at-Talmasoniyning so`zlarini naql qilib, tik turishning go`zal bo`lgani bu safardan kelgan odamga turish dedilar. Odatda safardan qaytgan kimsaga uni sog`-omon qaytib kelganidan shodlanib unga peshvoz chiqiladi, tabiiyki, bu paytda beixtiyor o`rindan turib ketishlik odati bor. Bu odat diniy amal emas. Zotan, bu odatni g`ayri musulmonlarda ham uchratish mumkin.

Qozi Iyoz rohimahullohning “Shifo”dagi ta`limi bo`yicha, qachonki, mavlid marosimlarida ishtirok etar ekanmiz, biz go`yoki o`zimizni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldida turgandek tasavvur qilishimiz kerak. Zotan, salaflar odobi shunday bo`lgan. Ul zoti sharif haqidagi qissalarni eshitar ekanmiz, go`yoki o`zimizni ayni o`sha davrda yurgandek his qilishimiz darkor. Shunday ekan, qachonki, ul zoti sharifni dunyoga kelishligi haqidagi suyunchili habarni eshitganimizda, shodlanib o`z xursandchiligimizni izhori o`laroq o`rnimizdan turamiz. Bu xuddi biron yutuqqa erishgan kimsaning shodlikdan o`zini boshqara olmay o`rnidan turib ketgan, odatiy holatiga o`xshash bo`ladi.

Mavliddagi qiyomni biz vojib, yo sunnat demaymiz. Shuningdek, buni har doim ham qilish lozim va shart, deb aytmaymiz. Bu amalni xuddi shu tariqada bajarganlarni ahli zalolat, demaymiz. Shuningdek, uni bajarmaganlarni ham ahli bid`at deyishga aslo haqqimiz yo`q. Aslida, mavlidning o`zi bid`ati hasana bo`lganidek, unda tik turish ham bid`ati hasana bo`lib, uni inkor qilish hech qanday e`tiqodni bulg`amaydi, insonni ahli sunnat va jamoa yo`lidan ham chiqarmaydi. Bu yerdagi avvaldan kelayotgan ixtilof ishning afzalini belgilashda bo`lgan, xolos. Afzaliyatni belgilashdagi tortishuvda odamlarni kufrga, mubtade`ga chiqarishning aslo keragi yo`q.

Demak, biz mavlid marosimlarida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishlari zikr qilingan o`rinlarda shodlanib, xursand bo`lib o`rnimizdan turamiz.

Maqola muallifi: Botirjon qori

Maqola muharriri: Hamidulloh Beruniy

Бисмиллаҳир роҳманир роҳийм.

Мавлид тарихига кичик назар

Ойлар ичида Робиъул аввал ойи ўзига хос шараф ва қадр-қимматга эга. Чунки, унда бутун оламларга раҳмат тариқасида юборилган сўнгги пайғамбар бўлмиш жанобимиз Муҳаммад соллаллоҳу алайҳи ва саллам дунёга келганлар. Шу туфайли мавлид ойларида Пайғамбаримиз алайҳис-салом ҳақида битилган қасида ва мадҳияларни жамоавий тарзда ўқиш ва зиёфатлар бериш одатга айланган. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам тарафларидан «хойрул-қурун» деб мақталган уч асрда мавлид маросимлари, агарчи айни биз нишонлаб тургандек шаклда амалга оширилмаган бўлса-да, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг мавлидларини байрамона кайфиятда нишонлаш, унда жамланиб Пайғамбаримиз ҳақида битилган қасида ва мадҳияларни ўқиш, сийратларини ўрганиш, хатми Қуръон қилиш ва саловотлар айтиш, турли тансиқ таомлар билан дўстларни сийлашлик, совғалар ва ҳадялар улашиб, мўъминлар қалбига шодлик улашиш Ислом оламида жуда узоқ даврлардан бери мавжуд бўлиб келаётган анъанавий одатдир. Муаррих Ибн Халликон «Вафийят-ул-аъён» асарида зикр қилишича, мавлид маросимини биз кўриб, эшитиб одатланган ҳолидек нишонлашни расман давлат миқёсида ташкиллаштирган дастлабки ҳукмдор Арбил (Ироқ) волийси — малик Музаффаруддин Кўкбўр бўлган. (1190-1233). Аллома ибн Касир “ал-Бидая ван-Ниҳая” асарида Малик Музаффарнинг бу ишларини таҳсинга сазовор эканини айтиб ўтган.

Шунингдек, Абдулҳай ал-Лакнавий ҳазратлари томонидан, асри саодатда яшаб ижод қилган шоир Ҳисон розияллоҳу анҳуга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг ўзлари ўзларининг мадҳлари битилган байтларини ўқитганлари мавлидга далил дейилганини қайд қилиш ўринли. Чунки, унинг қасидаларида Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг тавсифлари, мўъжизалари, насл-насаблари, туғилишлари борасида сўз юритилган экан. Мавлиднинг мустаҳаб ва мандуб амал эканига Ҳазрати Билол розияллоҳу анҳунинг кўчаларда ва бозорларда одамларни тўплаб, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламни зикр қилиб айтиб бериб, юрганларини ҳам далил сифатида келтириш мумкин (Абдулҳай Лакнавий. Мажмуат ал-фатово. 3-жилд. – Лакнав: Юсуфий, 1325. 128-130 бетлар).

Абдулҳай ал-Лакнавий раҳимаҳуллоҳнинг айтишича, саҳобалар ва ундан кейинги даврларда ҳам мавлидга ўхшаган маросимлар бўлган, бироқ, улар мавлид номи билан аталмаган. Масалан, аввалги замонларда ҳозирги диний илмларнинг ҳаммаси бўлган, лекин уларнинг номи ҳозиргидек бўлмаган, аввалги замонларда мадрасалар ҳам бўлмаган, кейинчалик мадрасалар барпо қилинди, одамлар мадраса ўқимаса, олим деб саналмайдиган бўлди ва ҳоказо (Абдулҳай Лакнавий. Мажмуат ал-фатово. 1-жилд. – Лакнав: Юсуфий, 1325. 39-46 бетлар).

Мавлид ўтказиш ҳақидаги икки фикр

Тарихга назар қилар эканмиз, Ислом умматининг мавлидун-набийни нишонлаш жоиз-жоиз эмаслиги хусусида иккига бўлинганини кўрамиз. Бу ихтилофнинг асл негизи эса «бидъат масаласи»га бориб қадалади. Бидъатларнинг яхшиси бўлмайди, барча бидъат залолатдир, деб айтувчилар, мавлид маросимини ҳам, унинг мақталган уч асрда мавжуд бўлмаганини пеша қилиб, мавлид бидъати залолатдир, дейди. Аммо, бидъатларни яхши ва ёмонга ажратувчилар эса мавлид яхши бидъатдир, уни нишонлашда савоб ва ухровий манфаъат бор, деб ҳукм қиладилар.

Икки томон вакиллари ҳам ўз даъволари асосида кўплаб китоблар битган. Шунингдек, бир-бирларига раддия сифатида ёзган рисолалари ҳам оз эмас. Биргина мисол тариқасида Тожуддин Фокиҳонийнинг (вафоти 734-ҳ.) мавлид маросими инкорида “ал-Маврид фи амалил-мавлид” рисоласи ва унга раддия сифатида битилган ҳофиз Жалолуддин Суютийнинг “Ҳуснул мақсид фи амалил мавлид” рисоласини олиш мумкин.

Шунингдек яна, мавлидни нишонлашда ҳаддан ошган ва шариатдан ўзлари билмаган ҳолда четга чиқиб қолган «мавлидхон» тоифалар ҳам онда-сонда учраб турган. Бу ҳолатни кўпроқ мутаассиб сохта сўфийларда кузатиш мумкин. Улар тарафидан мавлид маросимларига турли мункаротлар ҳам киргизилган. Масалан, эркак ва аёлларнинг бир-бирига аралашиб зикр рақсларига тушишлари, қасида-ю байтларни бўлмағур мусиқалар билан ижро қилишларини олиш мумкин. Шунингдек яна, кишини ҳайратда қолдирадиган тўқималар ҳам ихтиро қилинган.

Ўз навбатида мавлидни инкор этувчилар ҳам рақиб томонни аяб ўтирмагани, айбловларида ҳаддан ошганликлари, ҳатто мавлидхонларни омматан, ёппасига «мушрик» дейишгача борганларига гувоҳ бўлиш мумкин. Масалан, бемазҳабларнинг замонамиздаги устозлари бўлмиш – Носир Албонийнинг “Бидъатул-мавлид” рисоласида, Солиҳ бин Фавзон ал-Фавзонга мансуб “Ҳукмул-ихтифол би-зикрил мавлидин-набавий” рисоласида, шунингдек, Абдуллоҳ ибн Бознинг “Ҳукмул-иҳтифол бил-мавлидин-набавий” рисоласида мавлид маросимларидан ашаддий қайтарилган ва унинг бари муҳаррамот ва ширкий амаллардан иборат экани иддао қилинган. Албатта, бу муаллифларгача бўлган бутун Ислом оламининг энг буюк ва энг таниқли уламолари ва асрлар давомида яшаб, ихлос қўйиб келаётган мусулмонлар жамоаси ҳеч қандай инкорсиз мавлид маросимларини ўтказиб келаётганларини эътибордан қочирмаслигимиз даркор. Бинобарин, нима бўлганда ҳам, шариатда инкор қилинмаган ишлар аралаштирилмаган ҳолда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг мавлиди шарифлари қиёматгача ўтказилишига шак-шубҳа йўқ.

Мақоламизнинг асл мақсади

Айни дамда бизнинг мақсадимиз мавлид тўғрисидаги икки томон фикрлари ҳақида баҳс қилишлик, уларнинг далилларини тадқиқ қилиб, ўртада ҳакамлик қилиш эмас. Биз мавлид маросимини муқаддам уламолар тартибга солиб берганидек, мункар ва муболағалардан четда турган ҳолда шариъатда асли бор амаллар билан нишонлаб бораверамиз. Балки, бизнинг ниятимиз мақола сарлавҳасида ишора қилганимиздек, мавлид маросимида одатга айланган “қиём”, яъни, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жанобларининг дунёга келиш қиссаси сўзланганда, издиҳом қатнашчиларининг ёппасига ўрнидан тик туришлари ҳақида сўз юритишликдир. Чунки, айни мавзуни ёритишлик, қиём ҳақидаги ҳақиқатни жамоатчилик олдига олиб чиқиш ҳозирги кунда муҳимроққа ўхшайди. Негаки, аҳли илмларимиз орасида айримлари маҳалли қиёмдан қаттиқ қайтармоқда, яна бошқалари маҳалли қиёмда собит турган ҳоллари кузатиляпти. Ҳатто икки томон бир-бирларини “аҳли бидъат” дейишгача борган ҳоллари ҳам йўқ эмас. Хўш, аслида қиёмнинг ҳукми нима? Умуман, бирон шахсга тик туриб мулозамат кўрсатишлик жоизми? Мавлид маросимида қоим туришнинг асли борми? Агар бор бўлса ҳукми нима? Фарзми, вожибми ё бошқа? Айнан биз маҳалли қиёмда нима учун тик турамиз? Бу саволларга имкон қадар жавоб топишга жазм қилдик.

Шарафли шахсларни кўрганда, эҳтиром юзасидан тик туриб кутиб олиш

Гўзал ҳулқлилар табиатида бир инсоний фазилат бор. Бу – ўзига нисбатан шарафли, юқори мартабали кишиларни кўрганда эҳтиром юзасидан ўрнидан туриш одати. Бундайин хушфеълликни мусулмонларда ҳам, ғайри мусулмонларда ҳам кузатиш мумкин. Яна, айрим ҳусни хулқли кишиларда камоли камтарлиги ва тавозелиги сабабли унга ўринларидан туриб пешвоз чиққанларга: “Турманглар, ўтираверинглар!”, дейиш одати ҳам бор. Бу ҳам кишининг хулқи ва феълига хос иш. Бу хилдаги фазилатларнинг энг мукаммал намунасини, Пайғамбаримиз алайҳиссаломда ва ул Жанобга эргашишда уммати муҳаммадиянинг пешқадамлари бўлган саҳобалар орасида кўриш мумкин.

Масалан, «Мишкот ул-масобиҳ»да келтирилган қуйидаги ҳадиси шарифлар худди бизнинг мавзумиздадир.

4700 — عن ابى امامة رضى الله عنه، قال: خرج رسول الله صلى الله عليه و سلم متكئا على عصا، فقمنا له فقال: «لا تقوموا كما يقوم الأعاجم يعظم بعضها بعضا» رواه ابو داود

4700 — Абу Умома (р.а)дан ривоят қилинди, у киши айтдилар: “Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам бизнинг ҳузуримизга, (беморлиги сабаб) асога таянган ҳолда чиқиб келдилар, бас, биз ул зот(нинг эҳтироми) учун ўрнимиздан турдик. Шунда бизга Расулуллоҳ шундай деди: «Ажамлар бир-бировларини улуғлаб, тик тургани каби (мен учун ўринларингиздан) турманглар!”. (Матн таржимасида қавс ичига олиб ёзилган қўшимча изоҳлар мавлоно мулла Али ал-Қорининг шарҳидан олинган).

Ҳадиси шарифдан кўриниб турибдики, саҳобалар Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга нисбатан камоли эҳтиром ва том муҳаббатли бўлган, уларнинг қалбидаги бу ҳис туйғулари ҳатто ташқи ҳатти-ҳаракатларида ҳам намоён бўлар эди. Бинобарин, улар Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламни кўришлари билан одоб ва таъзим юзасидан ўринларидан туриб кутиб олдилар. Бироқ, анбиёлар султони Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва саллам уларни бу феълдан қайтардилар. Расулуллоҳнинг қайтаришлари нима сабабдан эди, деган саволга эса ул зотнинг كما يقوم الأعاجم يعظم بعضها بعضا “Худди ажамларнинг баъзилари баъзиларини улуғлаб тик турганидек” деган сўзларида жавоб бор. Яъни, Пайғамбаримиз соллаллоҳу алайҳи ва саллам саҳобаларини жуда яхши билар эдилар. Уларнинг ул зотга бўлган муҳаббату-садоқатлари ва жон-фидоликларини ҳам қадрлар эдилар. Лекин шундай бўлса-да, Расули акрам жанобимиз ўз умматларини, улуғларга эҳтиром кўрсатишда ажамларга ўхшаб қолишларини хоҳламадилар ва “Агар эҳтиром учун қилинган иш ажамларнинг сохта такаллуфларига ўхшаб қолса, ундайин феълни мен хушламайман, унинг тарки афзалдир”, деган маънода “Худди ажамларнинг айримлари айримларига таъзим юзасидан турганидек менга тура кўрманглар”, деб насиҳат қилдилар.

Мавлоно Мулла Али ал-Қори ҳазратлари “Шарҳуш-шифо” асарида юқоридаги ҳадиснинг изоҳида қуйидагиларни ёзадилар:

“Ушбу ҳадисга биз Саъд розияллоҳу анҳу эшакка миниб келган вақтларида, Расулуллоҳнинг ансорларга хитобан “Саййидингиз учун туринглар!”, деган хитобини қарама-қарши қўя олмаймиз. Чунки, Саъд розияллоҳу анҳу ўша вақтда соғлигидан шикоятда эди ва маркабидан тушиб ўрнашиб олиш учун бир-икки киши эмас, балки бир жамоъанинг ёрдамига муҳтож эди. Шунингдек, “Саъд ҳадиси” билан ҳалқ орасида урф-одатга айланиб кетган “тик туриш”ни мустаҳаблигига далил қилмоқчи бўлган киши ҳақиқатдан жудаям узоққа кетибди.

Ҳақиқатга яқинроғи шуки, юқорида келтирилган ҳадисдаги наҳийни макруҳи танзиҳийга ёки фақат араблар тоифасига хос деб олишимиздир. Токи, араблар ҳам одоб кўрсатишда ажамларнинг такаллуфдан иборат одатларига ўрганиб қолмасинлар. Чунки, ажамлар ўз одатларида, тик туришни одоб ўрнида ҳеч такаллуфсиз қилиб келганлар.

Ат-Талмасоний (р.ҳ.) айтади: Тик туриш тўрт қисмдир:

1- Мамнуъ туриш. Яъни, ман қилингани – гуноҳ бўладигани унинг учун туришларини яхши кўрадиган кимсага туришдир.

2- Макруҳ туриш. Буниси эса унинг учун туришни ёқтирмайдиган кимсага туришдир.

3- Жоиз туриш. Тавозели, камтар олимлар учун туришдир.

4- Гўзал туриш. Сафардан келган кимса учун пешвоз чиқиб туришдир.

Жаноби Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам саҳобаларнинг тик туришни суннат қилиб олишларидан қўрққан эдилар. Зотан, ул зоти шариф аҳли залолатга ўхшатиш қилишни асло ёқтирмасдилар«. (Али ал-қори. Шарҳ аш-Шифо. 1-жилд. – 288- Б. Дорул-кутубил-илмия Байрут. Лубнон.).

4698 — عن أنس إبن مالك رضى الله عنه، قال: لم يكن شخص احب إليهم من رسول الله صلى الله عليه و سلم، و كانوا إذا رأوه لم يقوموا، لما يعلم من كراهيته لذلك. رواه الترمذى و قال: هذا حديث حسن صحيح.

4698 — Анас Ибн Молик (р.а)дан ривоят қилинди, у киши айтдилар: “Бирон-бир шахс саҳобаларга (Аллоҳ улардан рози бўлсин) Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламдан кўра маҳбуброқ бўлган эмас. (Шундай бўлса-да), улар Расулуллоҳни кўрганларида ўринларидан турмас эдилар. Негаки, улар Расулуллоҳнинг қиёмни ҳуш кўрмасликларини билар эдилар”. (Термизий ривоят қилган ва бу ҳасан, саҳиҳ ҳадис, деган. Имом Термизий мазкур ҳадисни «Шамоили Муҳаммадия»да 322-рақам билан қайд қилган).

Мулла Али ал-Қори “Мирқот”да бу ҳадисни шарҳлаб, қуйидагича сўзларни айтади: Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам Роббилари олдида камоли камтарлигидан, шунингдек, золим ва мутакаббирлар одатига қасддан мухолафат қилиш учун, у кишига бошқалар тик туриб эҳтиром қилишини хушламас эдилар. Ул зоти шариф, еб-ичишлик, ўтириб-туришлик, кийинишлик ва барча ишларда такаллуфдан воз кечган ҳолда араблар одатига содиқ қолишни танлаганлар. Шунинг учун ҳам ул зот: “Мен ва умматларимнинг тақводорлари такаллуфдан безормиз”, деб айтардилар.

Мулла Али ал-Қори ҳазратлари ҳадис шарҳининг сўнггида Абдуллоҳ ибн Муҳаммад Тийбийнинг “Мишкот”га ёзган “ал-Кошиф ъан ҳақоиқ ас-сунан” номли шарҳидан қуйидаги жумлаларни нақл қилади: “Саҳобаларнинг тик туриб кутиб олишларини Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг хуш кўрмаганининг сабаби, саҳобалар ва ул зотнинг ораларидаги том маънодаги яқинлик ва муҳаббат бўлган бўлса, ажабмас. Бунга ҳадисдаги: “Бирон-бир шахс саҳобаларга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламдан кўра маҳбуброқ бўлмаган”, ибораси ҳам далолат қилиб турибди. Зотан, дўстларнинг ўзаро камоли муҳаббати ўртадан такаллуф ва уятчанлик ҳиссини кўтариб юборади. Қачонки, дўстлик риштаси метиндек мустаҳкам бўлса, орадан такаллуф тўшаклари ўз-ўзидан йиғиштирилиб кетади. Бу даражадаги дўстлар бир-бирининг олдида, ўзини худди ўз уйидагидек ҳис қилади. Чунки, у одоблар аслида қалбдаги ботиний одобларнинг ташқаридаги бир кўринишидир. Қачонки, қалблар соф бўлса, унинг нишонасини ташқарига такаллуф билан чиқаришга ҳожат қолмайди. Шайх Абу Ҳомид (Ғаззолий “Иҳё”нинг иккинчи боби “Биродарлик ва суҳбат фасли”да шундай) деганлар: “Қачонки, дўстлар орасидаги яқинлик том бўлиб камолига етса, уларнинг орасидаги баъзи ҳақ-ҳуқуқлар енгиллашади. Масалан, қиём, бир-бирларидан узр сўрашлик, бир-бирларини мақташга ўхшаш. Бу ишлар агарчи суҳбат одобларидан бўлса-да, лекин, уларнинг зимнида бир нави бегоналик ва такаллуф бор. Хуллас калом, тик туриш ва турмаслик замонлар, шахслар ва ҳолатлардан келиб чиқиб ҳар-хил бўлади”. (Мирқот ул-мафотиҳ. 8-жилд. Байрут: Дорул-фикр, 1994. 475-476 бетлар. Абдуллоҳ ибн Муҳаммад Тийбий (р.а) га мансуб иборалар эса «ал-Кошиф ъан ҳақоиқ ас-сунан» китобидан олинди. Қаранг: 10-жилд. Макка- Риёд: Мактабату Назор Мустафо Боз, 1997. 3067-бет).

Навбатдаги ҳадиси шарифда эса Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жаноблари, мартабали зотларни кўрганда ўрнидан туриб мулозамат қилувчиларнинг мулозаматларидан ҳузурланувчи, қалбида кибри бор шахсларга тегишли танбеҳ берганлар:

4699 — عن معاوية رضى الله عنه، قال: قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: «من سره أن يتمثل له الرجال قياما فليتبوأ مقعده من النار» رواه الترمذى و ابو داود.

4699 — Муовия розияллоҳу анҳудан ривоят қилинди, у киши деди: Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам айтдилар: “Кимни атрофидаги кишилар тик туришлари хурсанд қиладиган бўлса, бас, у дўзаҳдаги жойини эгалласин!”. (Термизий, Абу Довуд ва имом Аҳмад роҳимаҳумуллоҳ ривоят қилишган).

Мулла Али ал-Қори ҳазратлари “Мирқот”да шундай ёзади: “Зоҳир шуки, ўрнидан тик турувчиларнинг нияти, таъзийм учун туришликни хилофи ўлароқ, ёрдамлашмоқ, кўмаклашмоқ бўлса, бунинг зарари йўқ. Зеро, бунга “Саъд ҳадиси” ҳам далолат қилади. “Дўзаҳдаги жойини эгалласин!”, деган сўзлар амр сийғасида бўлса-да, аслида дарак маъносидадир. Яъни, кимники ўша ҳолат ҳузурлантирса, унга дўзаҳдаги жойига тушишлик вожиб бўлибди.

Айтилишича, бу ваъийд, тик туришдан ҳузурланишнинг қаринаси билан, такаббур йўлидан юрганларга хосдир. Аммо, ўша шарафли шахс унинг атрофида тик туришларини талаб қилмаса, уни кўрганлар ҳам ўз ихтиёрлари билан савоб умидида, камтарлик билан ўринларидан турса, бунинг зарари йўқдир.

Имом Байҳақий “Шуъаб ул-иймон”да Хаттобийдан айни ҳадиснинг изоҳида қуйидаги сўзлар айтганини ривоят қилади: “У ҳадисда кибр, катталик ва фахр қилиб, атрофидагиларга тик туриб мулозамат қилишларини амр қилишлик ва уларга шу вазифани юклашлик назарда тутилгандир. Хаттобий атадики: “Саъд ҳадиси”да кишининг фазилатли раис ҳузурида, адолатли ҳоким ҳузурида тик туришлиги, шунингдек, талаба ўз муаллимининг олдида тик туришлиги мустаҳаб эканига далолат бордир. Макруҳ эмасдир”. Байҳақийнинг ўзи Хаттобийнинг сўзига қўшимча қилиб айтади: “Бу қиём, яъни, мустаҳаб бўлган қиём икром ва яхшилик қилиш тариқасида бўлади. Худди ансорлар Саъд разийаллоҳу анҳуга турганларидек ва Талҳа разийаллоҳу анҳу Каъб ибн Моликка турганидек. Энди, бир кишининг атрофида бошқалар тик турса, ўша шахс улардан шу тик туриб мулозамат қилишларини хоҳлаб исташи, агар унга бошқалар тик турмаса, уларни айблаши ва уларга гина қилиши ярашмайдиган ишдир.

«Шарҳус-сунна»да келтирилишича, Абдуллоҳ ибн Омир ва Абдуллоҳ ибн Зубайр разийаллоҳу анҳума бирга ўтирган эдилар. Бир вақт уларнинг ҳузурига Муовия разийаллоҳу анҳу чиқиб келди. У кишини кўрган Ибн Омир ўрнидан турди, Ибн Зубайр эса ўтирган ҳолича қолди. Шунда, Муовия разийаллоҳу анҳу айтди: Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам айтдилар: “Кимни атрофидаги кишилар тик туришлари хурсанд қиладиган бўлса, бас, у дўзаҳдаги жойини эгалласин!”. (Мирқотул-мафотиҳ. 8/жилд. 476-477 бетлар. Дорул-фикр Байрут 1994.)

«Саъд ҳадиси»

Улуғларни кўрганда уларга таъзиман тик туришликни суннат, деган аҳли илмларнинг деярли барчаси “Саъд ҳадиси”ни далил қиладилар. Шунингдек, мавлиддаги маҳалли қиёмда туришни вожиб даражасига кўтарганларнинг ҳам китобларида ҳудди шу “Саъд ҳадиси” асосий далил сифатида келтирилган.

Ушбу “Саъд ҳадиси”нинг матни “Мишкот ал-масобеҳ”да қуйидагича келтирилади:

4695- عن ابى سعيد الخدرى رضى الله عنه، قال: لما نزلت بنو قريظة على حكم سعد، بعث رسول الله صلى الله عليه و سلم إليه، و كان قريبا منه، فجاء على حمار، فلما دنا من المسجد، قال رسول الله صلى الله عليه و سلم للأنصار: «قوموا إلى سيدكم»

4695 — Абу Саъийд ал-Худрий розияллоҳу анҳудан ривоят қилинди, у киши деди: “Қачонки, Бану Қурайза Саъднинг ҳукмига тушганди, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам унга (бир одамни) жўнатди. У эса Расулуллоҳга яқин жойда эди. Бас, Саъд эшакка минган ҳолда етиб келди. Қачонки, масжидга яқин келганди, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам ансорларга қарата: “Саййидингизга туринглар!”, дедилар.

Хандақ жангида яҳудийлардан бўлмиш Бану Қурайза қабиласи Расулуллоҳга хиёнат қилади. Макка мушриклари мақсадларига ета олмай ортга қайтганидан сўнг Пайғамбаримиз алайҳиссалом Бану Қурайза яҳудлари устидан ҳукм чиқаришни уларнинг розилиги билан, ўз улуғларидан бўлмиш Саъд ибн Муъоз разийаллоҳу анҳуга ҳавола қилади. Айни дамда Саъд разийаллоҳу анҳу Хандақ жангида билагидан яраланган, оғир аҳволда эди. У Расулуллоҳнинг чақириғига биноан эшакка минган ҳолда етиб келади. У киши Расулуллоҳга яқин келганида, жаноби Пайғамбаримиз унинг қавмига қарата: “Саййидингизга туринглар!”, дейдилар.

Мавлоно Али ал-Қори ҳазратлари “Мирқот”да — “Саййидингизга туринглар!”, ибораси икки ҳил изоҳ қилинганини айтадилар.

1) Айтилишича, “Саййидингизга туринглар!”, дегани – унга таъзим қилиш учун туринглар, деганидир. Бу билан тик туришнинг макруҳ эмаслигига ҳам далил қилинади. Бу ердаги буйруқ феъли мубоҳлик ва жоизликни ифода қилади.

2) Айтилишича, у сўзнинг маъноси – саййидларингизга маркабидан тушиб олишига ёрдам бериш учун туринглар, деганидир. Чунки, у киши ярадор бўлгани сабаб ўзи тушишга қийналарди. Агар Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам таъзим учун туришларини истаганида, قوموا إلى سيدكم эмас, балки قوموا لسيدكم деб айтган бўлардилар. Расулуллоҳ жаноблари амр қилишда фақат ансорларнинг ўзларинигина танлаганлари ва ҳамда “Ўз саййидларингизга бошқаларнинг саййиди эмас”, деган маънони ифода қилувчи изофа билан “саййидингизга” деб айтишлари айни шу маънони қўллаб турибди. Шунингдек, Пайғамбар жанобимиз бутун оламлар саййиди бўлиши билан бирга, саҳобалар ул зоти шарифга ўринларидан турмас эдилар. Чунки, улар Расулуллоҳ буни кариҳ кўришини яхши билар эдилар.

Турбуштий айтадики: ҳадисдаги қиёмдан мурод, ажамларнинг одатига айланган таъзим учун қилинадиган қиём эмас. Бу қандаям бўлиши мумкин, ваҳоланки, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жанобларининг унақанги қиёмдан қайтарганлари ва умрларининг охиригача шу қарорларида содиқ қолгани саҳиҳ ривоятларда тасдиқланган бўлса?! Саъд ибн Муъознинг билагига найза санчилиб қон томири узилган эди. У кишининг ҳаракат қилиши мумкин эмасди, чунки томиридан қон оқиб кетиш хавфи бўлган. У кишини Бану Қурайза устидан ҳукм чиқаришга олиб келинганида, Расулуллоҳ унинг қавмига, унга ёрдам бериш ва эшакдан тушиб олишига кўмаклашиш учун ўринларидан туришни амр қилдилар. Бас шундай экан, Расулуллоҳнинг قوموا إلى سيدكم деган сўзларининг маъноси قوموا إلى إعانته деганидир. Агар у билан таъзим ва улуғлашни кўзда тутганларида قوموا لسيدكم деган бўлардилар. Энди, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жанобларининг Икрима ибн Абу Жаҳл розияллоҳу анҳу келганида унга ўрнидан тургани ва Адий ибн Ҳотамдан ривоят қилинган “Қачонки, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг ҳузурига кирсам, ул зоти шариф албатта ўринларидан турарди ёки бир ҳаракатланиб қўярдилар”, деган хабар заъиф бўлгани учун улар билан таъзим учун туришнинг жоизлигига ҳужжат қилиб бўлмайди. Адий ибн Ҳотамдан машҳур бўлгани » إلا وسع لى » яъни, албатта менга сурилиб, ўтирган ўрнини кенгайтирардилар, деган ривоятдир. Мабодо, у икки хабар саҳиҳ бўлиб собит бўлганида ҳам, у хабарларни ҳолат тақозосидан келиб чиқиб, тик туришга рухсат бермоқ, маъносига йўйилади. Зеро, Икрима ибн Абу Жаҳл Қурайшнинг раисларидан эди. Адий ибн Ҳотам эса Бану Тойй қабиласининг саййиди эди. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам уларни кўрганидан ўрнидан туришлари билан уларнинг қалбида исломга илиқлик уйғотишни мақсад қилганлар. Ёки, у иккисидан, раисликка бўлган рағбатларига мувофиқ, уларга тик туриб пешвоз чиқишларига интилиш сифати ошкор бўлган. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам шуни ҳисобга олиб, айнан уларга ўринларидан туриб муомалада бўлганлар. (Турбуштийнинг сўзи тугади).

Зоҳир шуки, Икримага розияллоҳу анҳуга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам ўринларидан туриб пешвоз чиққанларида Икрима розияллоҳу анҳуга асирликдан озод этилиб Мадинадан кетишига рухсат этилгач, Маккага бориб у ердан муҳожир мўъмин сифатида қайтиб келган эди. Шунда унга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг: «مرحبا بالراكب المهاجر», яъни, “муҳожир отлиққа марҳабо” деганлари ҳам ривоятларда айтилган. (Али ал-Қори. Мирқотул-мафотиҳ. 8-жилд. – Байрут: Дорул-фикр, 1994. 473-бет.).

Мавлид маросимларидаги маҳалли қиёмда тик туриш масаласи

Тан оламизки, улуғлар тириклигида қандай ҳурмат эътиборга ҳақли бўлса, вафотларидан кейин ҳам худди шундай эҳтиромга муносибдирлар. Бу ҳақида Қози Иёз раҳимаҳуллоҳнинг “Шифо”даги ушбу сўзларини келтириб ўтиш ўринлидир. У киши шундай дейди: “Шуни яхши билингки, Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва салламни вафотидан кейин ҳам ҳурмат қилиш, ул зотни тавқири ва таъзими худди ҳаётлик чоғидаги каби лозимдир. Бундайин эҳтиром, ул зотни ёдга олинганда, шунингдек, ҳадислари ва суннатларини эсланган вақтда, муборак исми ва сийратларини эшитганимизда, аҳли байтлари билан муомала қилиш жараёнларида кўриниши керак. Абу Иброҳийм Тужийбий айтадики: “Қайсики бир мўмин киши Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламни ёдга олса ёки унинг ҳузурида ул зоти шарифни зикр қилинса, у мўъмин ўзини ҳудди Ҳазрати Мустафонинг ҳузурида турганидек фараз қилиб бироз эгилиб, эҳтиром кўрсатиши ва қалбида хушуъга бориши ва албатта ҳаракатидан тўхтаб Расулуллоҳ жанобларига нисбатан Аллоҳ таоло таълим берганидек одоб кўринишига ўтиши вожиб бўлади”. (Қози Иёз ўзлари айтадики): Абу Иброҳийм Тужийбий айтганидек, одоб бу – айни салафи солиҳлар ва муқаддам уламоларимизнинг сийрати эди». (Али ал-Қори. Шарҳ аш-Шифо. 2-жилд. Байрут: Дорул-кутубил-илмия, 70-бет).

Кўриб турганимиздек, юқоридаги манбада Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга ул зотнинг вафотидан кейин қандай эҳтиром қилиш ўргатилмоқда. Бироқ, ул зотнинг номларини эшитганда тик туриш кераклиги ҳақида Қози Иёз ҳам Абу Иброҳийм Тужийбий ҳам бирон нарса демаган. Яна, Қози Иёз ҳазратлари юқоридаги иборалардан кейин, салафлардан бир қанчаларини номма-ном келтириб, уларнинг Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам вафотларидан кейин ул зоти шарифга қай тарзда одоб ва эҳтиромли бўлганларини ҳикоя қилади. Улардан бирортасида “фалончи Расулуллоҳнинг номларини эшитганда ўрнида туриб таъзим қиларди” деган сўз йўқ. Шунингдек, “қиём” мавзусига доир ҳадисларнинг бирортасида ҳам Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг вафотидан кейинги ҳоли у ёқда турсин, ҳатто, ул зотнинг ҳаётлик чоғларида ҳам, тик туриб эҳтиром қилиш саҳобалар одати бўлган эканига асло далил йўқ. Аммо, Ислом уммати жуда узоқлардан буён мавлид маросимларида, қачонки, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жанобларининг туғилиш қиссалари баён қилинар экан, дарҳол ўринларидан туришни одат қилган.

Абдулҳай Лакнавий томонидан мавлидда ҳақиқий хурсандчилик ва шодмонлик билан бериё турса маъзур, дейилган. Суҳбат одоби шуки, шу ерда ҳозир бўлганлар суҳбатдошларига эргашмоғи мақбул. Бироқ, ихтиёрий ҳолатда важд ва хурсандлик йўқ вақтида туриш фарз ҳам эмас, вожиб ҳам эмас, суннати муаккада ҳам эмас, мустаҳаб ҳам эмас. Чунки, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламдан ва аввалги учта замонда яшага уламолардан нақл қилинган эмас. Лекин, Ҳарамайн шарифайнда асрлар давомида то ХХ аср ўрталаригача мавлид вақтида қиём қилиниш одат бўлган. Барзанжий ҳам Мадинада яшаган бўлиб, ўзининг машҳури жаҳон мавлид китобида уни истеҳсон деб баҳолаган. (Абдулҳай Лакнавий. Мажмуат ал-фатово. 3-жилд. – Лакнав: Юсуфий, 1325. 130 бет).

Мавлидун-набий маросимларида Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг руҳлари ҳозир бўладими?

Мавлидун-набий маросимларида иштирок қилувчиларнинг айримлари мавлиддаги “маҳалли қиём”, яъни, тик туриш ҳолатини бу мажлисга Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг руҳлари ҳозиру нозир бўлади, деган эътиқодда бўлишлари мумкин. Бу шаръий манбаларга кўра бузуқ эътиқодлар сирасига киради.

Масалан, бундай эътиқодга, “Тазкийрун-нос бикалами Аҳмад Аттос” номли рисоланинг 182- бетида қуйидаги ибораларни мисол қилса бўлади:

فقيل لسيدي أحمد بن حسن العطاس، هل قيل في المولد المنسوب إلى المحدث الديبعي أن النبي صلى الله عليه وسلم يحضر قراءته من أوله إلى آخره؟ قال: نعم، والحبيب صالح بن عبدالله العطاس يقول: يحضر النبي صلى الله عليه وسلم في كل مولد عند المقام فيه إلا مولد الديبعي فإنه يحضره كله

Яъни, «Саййид Аҳмад бин Ҳасан Аттосдан сўралди: муҳаддис Дайбаъийга мансуб мавлид қиссаси ўқилганда Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам қиссанинг аввалидан то охирига қадар у ерда хозир-у нозир бўлиб тураркан. Шу гап ростми? У жавоб бердики: ҳа. Ҳабиб Солиҳ бин Абдуллоҳ ал-Аттос айтар эдиларки: Ҳар бир мавлид қиссаларидаги мақом (тик туриш) вақтида Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи ва саллам хозир бўлиб туради. Аммо, Дайбаъийнинг мавлиди ўқилганда эса бошдан то охирига қадар Расулуллоҳ у ерда хозир бўлиб туради».

Диққат қилинса, бу рисолада айтилган иддао на шариатга ва на мантиққа мос келади. Бу ерда бир шахснинг муридлари ўз пирларини илоҳийлаштириб, ҳатто Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга нисбатан ҳам ёлғон тўқишдан тап тортмаганлар.

Ҳанафий олимларининг муҳаққиқлари бундай эътиқодни куфр деганлар.

1) «Фатовойи Баззозиййа»да қуйидагича фатво берилган:

و عن هذا قال علماءنا من قال ارواح المشايخ حاضرة تعلم يكفر

«Шунга кўра, уламоларимиз: “Кимки: “Машойихлар руҳлари ҳозир бўлиб, билиб туради”, деса, кофир бўлади, деганлар”. (Ҳофизиддин Муҳаммад ибн Муҳаммад ибн ал-Баззоз ал-Кардарий. Фатовойи ал-баззозиййа. (ал-Жомеъ ал-важиз). 2-жилд. – Қозон, 1889. – Б. 383).

تزوج بلا شهود و قال خداى را و رسول خداى را و فرشتكان را كواه كردم يكفر لانه اعتقد ان الرسول و الملك يعلمان الغيب، بخلاف قوله فرشتكان دست راست و دست چبرا كواه كردم لانهما يعلمان

“Гувоҳсиз уйланишга келсак, биров: “Худо ва Худонинг расулини гувоҳ қилдим. Фаришталарни ҳам гувоҳ қилдим”, деса кофир бўлади. Чунки, пайғамбар ва фариштани ғайбни билади, деб эътиқод қилган бўлади. Бу “Ўнг қўл фаришталари билан чап қўл фаришталарини гувоҳ қилдим”, деган гапида ундай эмас. Чунки, икки фаришта уларни билиб туради”. (Ҳофизиддин Муҳаммад ибн Муҳаммад ибн ал-Баззоз ал-Кардарий. Фатовойи ал-баззозиййа. (ал-Жомеъ ал-важиз). 2-жилд. – Қозон, 1889. – Б. 382).

2) «Хулосат ул-фатово»да қуйидагича фатво берилган:

رجل تزوج و لم يحضر شاهدا فقال خدائرا و رسول خدائرا گواه كردم و فرشتگانرا گواه كردم يكفر فى الفتاوى لانه يعتقد ان الرسول و الملك عالم بالغيب بخلاف قوله فرشتهء دست راست را و فرشتهء دست چپ را گواه كردم حيث لا يكفر لانهما يعلمان فى النصاب

“Бир кимса уйланса-ю, гувоҳ ҳозир бўлмаса, у: “Худо ва Худонинг расулини гувоҳ қилдим. Фаришталарни ҳам гувоҳ қилдим”, деса фатво тўпламларида айтилишича, кофир бўлади. Чунки, пайғамбар ва фариштани ғайбни билади, деб эътиқод қилган бўлади. Бу “Ўнг елка фаришталари билан чап елка фаришталарини гувоҳ қилдим”, деган гапида ундай эмас, бу ҳолатда кофир бўлмайди. Чунки, икки фаришта уларни билиб туради. “Нисоб”да шундай келтирилган”. (Тоҳир ибн Аҳмад ибн Абдуррашид ал-Бухорий. Хулосат ал-фатово. 4-жилд. – Лакнав: Мунший навол кишвар, 1911. – Б. 385).

3) Юқоридаги иқтибосларга асосланиб, Абдулҳай Лакнавий “Балки эътиқод шундайки, бирор кимса Аллоҳдан ўзгасини ҳар вақт ва ҳар онда ҳозиру нозир, ошкораю махфийни билувчи деб эътиқод қилса, ушбу эътиқод ширкдир”, деган. (Абдулҳай Лакнавий. Мажмуат ал-фатово. «Хулосат ал-фатово» ҳошиясида. 4-жилд. – Лакнав: Мунший навол кишвар, 1911. – Б. 330-331).

4) Абдулҳай Лакнавий ўзининг бошқа бир асарида юқоридаги эътиқод бўладиган бўлса, мавлид асносида тик туришдан қайтарган:

و منها ما يذكرونه من ان النبى صلى الله عليه و سلم يحضر بنفسه فى مجالس وعظ مولده عند ذكر مولده و بنوا عليه القيام عند ذكر المولد تعظيما و اكرامًا و هذا ايضًا باطل من الاباطيل لم يثبت ذلك بدليل و مجرد الاحتمال و الامكان خارج عن حد البيان

“Қиссагўй ва мавъизагўйларнинг яна бир ишларидан бири, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг мавлидларининг ваъз мажлисларида ул зотнинг туғилишлари эсланаётган пайтда ўзлари ҳозир бўладилар, деб зикр қилишларидир. Шу сабабли улар мавлид зикри вақтида таъзим ва икром юзасидан қиём – тикка туришни барпо қилиб олганлар. Бу ҳам далил билан исботланмаган ботиллардан бир ботил ишдир. Ҳар хил эҳтимоллар ва имкониятларни далил қилишлар эса баён чегарасидан хориждир”. (Абдулҳай ал-Лакнавий. ал-Асор ал-марфуъа фи-л-ахбор ал-мавзуъа // Мажмуат расоил ал-Лакнавий. 5-жилд. Каротчи (Покистон): Идорат ал-Қуръон ва-л-улум ал-исломия, 1419. – Б. 34).

Мавлид маросимларида Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг туғилишлари зикри асносида тик туриш ҳақида уламолар нима дейдилар?

Мавлид ҳақида битилган китобларнинг баъзиларида, маҳалли қиёмда тик туришни суннат ва ҳатто вожиб даражасигача кўтарган аҳли илмлар ҳам йўқ эмас. Ҳатто, баъзи олимлар, мавлидда тик турмасликни: «Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламга нисбатан ҳурматсизлик», дейишгача борганлар. Ўшаларнинг деярли ҳаммаси, юқорида айтиб ўтганимиздек, асосан, «Саъд ҳадиси»га таянган ҳолда сўз айтадилар. У ҳадис ҳақида эса машҳур ҳанафий олими шайх Мулла Али ал-Қори ҳазратларининг шарҳлари бизга кифоя қилади. Шу туфайли мавлиддаги тик туришни инкор қилувчиларга раддия қилишда ҳаддан ошганларнинг китобларидан намуна келтиришни лозим топмадик. Бироқ, бу ерда мавлидда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг туғилишлари баён қилинаётган вақтда тик туриш мумкинлиги, унинг жоиз амал эканлиги, мустаҳаб ва ўтган улуғ зотларнинг анъаналари эканини зикр қилинган манбаларга мурожаат қиламиз:

1) Ҳанафий муфассирлардан Исмоил Ҳаққий раҳимаҳуллоҳ “Руҳ ул-баён” китобида “Фатҳ сураси”нинг охирги оятлари тафсирида бундай дейди:

ومن تعظيمه عمل المولد اذا لم يكن فيه منكر. قال الامام السيوطى قدس سره يستحب لنا اظهار الشكر لمولده عليه السلام انتهى. وقد اجتمع عند الامام تقى الدين السبكى رحمه الله جمع كثير من علماء عصره فأنشد منشد قول الصرصرى رحمه الله فى مدحه عليه السلام:قليل لمدح المصطفى الخط بالذهب … على ورق من خط احسن من كتبوان تنهض الاشراف عند سماعه … قياما صفوفا او جثيا على الركبفعند ذلك قام الامام السبكى وجميع من بالمجلس فحصل انس عظيم بذلك المجلس ويكفى ذلك فى الاقتدآء

“Қачонки, мавлид маросимларида мункар ишлар бўлмаса, уни нишонламоқ, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг таъзимларидандир. Имом Суютий қуддиса сирруҳу айтадики: “Пайғамбар алайҳис-саломнинг мавлиди туфайли ҳурсандчилик қилиш бизга мустаҳабдир”. Имом Тақиюддин ас-Субкийнинг (1284-1355м.) ҳузурида унга асрдош уламолардан иборат катта жамоъат йиғилди. Шунда биров Абу Закариё Яҳё Сорсорий Ҳанбалийнинг (вафоти 656 ҳ.) Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг мадҳида битган шеърини ўқиди.

Моҳир хаттотлар, бирон қоғозга Росулуллоҳнинг мадҳи учун тилло билан ёзсалар ҳам, камлик қилар. Ва камлик қилар, ҳар қандай шарафлилар ул зотни эшитганда саф-саф туриб ё тиззалаб бўйин эгмоқлари.

Худди шу мисра ўқилган дамда Имом Субкий ва йиғин қатнашчиларининг ҳаммаси ўрнидан турдилар. Ўша мажлисда жуда катта хурсандчилик, шодлик ҳосил бўлди. Ўшанинг ўзи эргашмоқликка кифоя қилади. (Исмоил Ҳаққий. Руҳул-баён. Фатҳ сураси).

2) Шайҳ Муҳаммад ибн Аҳмад Алийш Моликий раҳимаҳуллоҳ имом Барзанжийнинг мавлид қасидасидаги ушбу:

«هذا و قد استحسن القيام عند ذكر مولده الشريف ائمة ذوو رواية و روية»

“Шуни ушлангки, Расулуллоҳнинг мавлиди шарифлари зикр қилинган чоғда тик туришни соғлом фикр ва илмли имомлар, яхши амал, деб баҳолаганлар», деган сўзларининг изоҳида Имом Мадобиғийнинг мавлид китобидан, қиём ҳақидаги ушбу танбеҳни нақл қилади:

*تنبيه* جرت العادة بقيام الناس إذا انتهى المداح الى ذكر مولده صلى الله عليه و سلم. و هى بدعة مستحبة لما فيها من إظهار الفرح و السرور العظيم …

“Танбеҳ! Маддоҳлар Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг туғилиш ҳодисалари зикрига етганида одамлар ўрнидан туриш одати жорий бўлиб кетди. У амал мустаҳаб бидъатдир. Чунки, унда ҳурсандчилик ва сурури азиймнинг изҳори бор”. (Муҳаммад Алийш Моликий. Ал-Қовл ал-мунжий ала мавлиди-л-Барзанжий. Миср: Дорул-кутубил-арабия ал-кубро, 1327. 50-бет).

3) Муҳаммад Алавий Моликий “Ҳавл ал-иҳтифол би-зикрил-мавлид ан-набавий аш-шариф”, деб номлаган рисоласида қиём ҳақида алоҳида фасл қилади. Унинг аввалида, баъзи мавлидхонларнинг жоҳилона куфрий этиқодини танқид қилади. Яъни, қасидагўйлар Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жанобларининг дунёга келиш қиссасига етганда ул зоти шарифнинг руҳи, ҳатто баъзи жоҳиллар эса жасади билан айни мажлисда ҳозир бўлиб туради, деган ақиданинг ботил эканини баён қилади ва бу вақтдаги қиёмнинг ўзи ҳақида бундай дейди:

إذا علمت هذا، فاعلم أن القيام فى المولد النبوى ليس هو بواجب، و لا سنة، و لا يصح إعتقاد ذلك أبدا. و إنما هى حركة يعبر بها الناس عن فرحهم و سرورهم. فإذا ذكر أنه صلى الله عليه و سلم ولد و خرج إلى الدنيا يتصور السامع فى تلك اللحظة ان الكون كله يرقص فرحا و سرورا بهذه النعمة فيقوم مظهرا لذلك الفرح و السرور، معبرا، فهى مسئلة عادية محضة لا دينية. إنها ليست عبادة، و لا شريعة، و لا سنة. و ما هى إلا أن جرت عادة الناس بها.

“Юқоридаги маълумотларни билиб олган бўлсангиз, энди, буни ҳам билиб қўйингки, Мавлидун-набавийда тик туришлик вожиб ҳам, суннат ҳам эмас! Ва уни доимий қилиш керак, деб эътиқод қилиш ҳам ярамайди! Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг туғилиши ва дунёга келиши зикр қилинган лаҳзада тингловчилар шундай тасаввур қиладики, гўё бутун борлиқ шодлик ва ҳурсандликдан рақс тушмоқда, шунда у ҳам, ўша шодлигини изҳор қилиб ўрнидан туради. У бу ҳаракати билан ўзининг шодлигини намоён қилади. Бас, бу қиём одатий масъала холос, диний масъала эмас. У ибодат ҳам, шариат ҳам, суннат ҳам эмас. У фақат одамлар орасида урф бўлиб қолган одат холос”. (Муҳаммад Алавий Моликий. «Ҳавл ал-иҳтифол би-зикрил-мавлид ан-набавий аш-шариф». Ал-мактаба ат-тахсисия лиррадди ала ал-ваҳҳабия. 27-бет).

4) Муҳаммад ибн Жаъфар Каттоний “Ал-йумну вал-исъод би-мавлиди хойрил-ибод” номли рисоласида қиём хусусида бундай ёзади:

و قد جرت العادة ايضا بالقيام عند قراءة مولده عليه الصلوة و السلام لدى ذكر الوضع الشريف و ما يتبعه من حسن التوصيف. و هذا القيام، لم يفعله السلف و إنما عمل به من بعدهم من الخلف. و ليس هو فى الحقيقة للذات المحمدية كما توهمه قوم من البرية فاعترضوا و أطنبوا و إلى إنكار فعله ذهبوا. و إنما هو قيام فرح و سرور ….

“Шунингдек, Пайғамбар алайҳиссаломнинг мавлиди ўқилганда, ул зоти шарифнинг дунёга келиш ҳақидаги ҳодисалар зикр қилинган чоғ ўриндан туриш одати жорий бўлиб кетди. Бу тик туришни салафлар қилган эмас. Балки уни кейинги халаф олимлари жорий қилган. Бу қиём асли ҳақиқатда, зоти Муҳаммадий учун қилинмайди. Чунончи, баъзилар уни шундай ўйлаб, эътирозлар қилишди, уни инкор қилишда узундан узун гаплар қилишди. Балки, бу қиём шодлик ва хурсандчилик учун қилинадиган қиёмдир…”. (Муҳаммад ибн Жаъфар Каттоний. “Ал-йумну вал-исъод би-мавлиди хойрил-ибод”. Ал-матба ал-аҳлия 1345. 20-бет).

Юқоридаги келтирилган манбалардан шу нарса маълум бўлмоқдаки, мавлидда Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг туғилишлари зикри асносида тик туришга фақат хурсандчилик ва камоли шодлик ифодаси сифатида қаралиши керак экан.

Хулоса

Қиёмнинг умумий ҳукмига доир ҳадислар ва маҳалли қиём ҳақидаги баъзи олимларнинг фикрлари билан танишиб, уларга холисона ёндашсак, “Биз мавлидда нима учун турамиз?”, деган саволнинг жавоби топилади, деб ўйлаймиз. Хуллас калом, ҳадислар шуни маълум қиладики, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жаноблари ул зотга тик туриб, таъзим қилишларини хоҳламаганлар ва кариҳ кўрганлар. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам учун бор-будидан воз кечишга ҳамиша тайёр бўлган саҳобалар ҳам, ул зоти шарифга ҳар қанча муҳаббатли бўлишларига қарамай, ўринларидан туриб таъзим қилмаганлар. Расулуллоҳнинг ҳаётлик чоғида жорий бўлган ҳукмлар ул зоти шарифнинг дорул-бақога кўчганларидан кейин ўзгариб қолмаслиги барчага ойдек равшан. Бинобарин, ул зотнинг ҳаётлик чоғида тик туриб таъзим қилмаган саҳобалар вафотларидан кейин ҳам муборак номларини эшитганда, тик туриб таъзим қилмадилар. Бу ишни тобеинлар ва табъа тобеинлар орасида ҳам содир бўлганига бирорта далил йўқ.

Аммо, бирон нимадан шод бўлганда изҳори сурур учун ўриндан тик туриб кетишлик одати асри саодатда ҳам мавжуд бўлган. Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг Икрима ибн Абу Жаҳл розияллоҳу анҳу Маккадан мўъмин бўлиб, муҳожир сифатида қайтиб келганида унга: “Отлиқ муҳожирга марҳабо!”, деган ҳолда тик туришларини, Оиша розияллоҳу анҳо онамизнинг оналари, у зоти шарифанинг пок экани ҳақидаги оят нозил бўлгач, унинг ҳузурига Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салам ташриф қилганларида, қизларига қарата “Расулуллоҳга ўрнингдан тур!” деган сўзларини мисол қилиш мумкин. Чунки, Икрима розияллоҳу анҳу Маккадан қайтиб келганида Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва саллам жуда шод бўлгандилар. Шунингдек, Аллоҳ таоло Оиша розияллоҳу анҳо онамизнинг пок эканини ошкор қилгач, унинг ҳузурига бир қанча муддат маҳзун бўлиб юрган, Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг ўзлари, суюнчилаб келганларида ул зоти шарифанинг оналари жуда ҳам шод бўлиб кетгандилар. Шу туфайли қизларига суюнчилаб, “Расулуллоҳга ўрнингдан тур!”, деганлар.

Мулла Али ал-Қори ҳазратлари ҳам “Шарҳ аш-шифо”да ат-Талмасонийнинг сўзларини нақл қилиб, тик туришнинг гўзал бўлгани бу сафардан келган одамга туриш дедилар. Одатда сафардан қайтган кимсага уни соғ-омон қайтиб келганидан шодланиб унга пешвоз чиқилади, табиийки, бу пайтда беихтиёр ўриндан туриб кетишлик одати бор. Бу одат диний амал эмас. Зотан, бу одатни ғайри мусулмонларда ҳам учратиш мумкин.

Қози Иёз роҳимаҳуллоҳнинг “Шифо”даги таълими бўйича, қачонки, мавлид маросимларида иштирок этар эканмиз, биз гўёки ўзимизни Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг олдида тургандек тасаввур қилишимиз керак. Зотан, салафлар одоби шундай бўлган. Ул зоти шариф ҳақидаги қиссаларни эшитар эканмиз, гўёки ўзимизни айни ўша даврда юргандек ҳис қилишимиз даркор. Шундай экан, қачонки, ул зоти шарифни дунёга келишлиги ҳақидаги суюнчили ҳабарни эшитганимизда, шодланиб ўз хурсандчилигимизни изҳори ўлароқ ўрнимиздан турамиз. Бу худди бирон ютуққа эришган кимсанинг шодликдан ўзини бошқара олмай ўрнидан туриб кетган, одатий ҳолатига ўхшаш бўлади.

Мавлиддаги қиёмни биз вожиб, ё суннат демаймиз. Шунингдек, буни ҳар доим ҳам қилиш лозим ва шарт, деб айтмаймиз. Бу амални худди шу тариқада бажарганларни аҳли залолат, демаймиз. Шунингдек, уни бажармаганларни ҳам аҳли бидъат дейишга асло ҳаққимиз йўқ. Аслида, мавлиднинг ўзи бидъати ҳасана бўлганидек, унда тик туриш ҳам бидъати ҳасана бўлиб, уни инкор қилиш ҳеч қандай эътиқодни булғамайди, инсонни аҳли суннат ва жамоа йўлидан ҳам чиқармайди. Бу ердаги аввалдан келаётган ихтилоф ишнинг афзалини белгилашда бўлган, холос. Афзалиятни белгилашдаги тортишувда одамларни куфрга, мубтадеъга чиқаришнинг асло кераги йўқ.

Демак, биз мавлид маросимларида Расулуллоҳ соллаллоҳу алайҳи ва салламнинг дунёга келишлари зикр қилинган ўринларда шодланиб, хурсанд бўлиб ўрнимиздан турамиз.

📎📎📎📎📎📎📎📎📎📎